Senator aholi murojaatlari bilan ishlash, mahalla tizimi samaradorligini oshirishga e’tibor qaratdi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Marufova xalq deputatlari Uchtepa tumani kengashi deputatlari hamda tuman hokimligi mas’ullari bilan birgalikda "mahalla yettiligi" faoliyati, ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar va talabalar uchun barpo etilayotgan infratuzilma ob’ektlari holatini o‘rgandi.
Jumladan, tumandagi Farhod mahallasi binosi faoliyati bilan tanishildi. “Mahalla yettiligi” uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirilib, aholi murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal etish va mahalla tizimi samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
44-sonli umumta’lim maktabida zamonaviy o‘quv xonalari va laboratoriyalarda yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, IT, qandolatchilik va tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus xonalar, shuningdek, kimyo-biologiya hamda fizika laboratoriyalarining jihozlangani va ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflangani o‘rganildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari uchun davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan talabalar turar joyi majmuasi ham ko‘zdan kechirildi. Qayd etilganidek, mazkur majmua foydalanishga topshirilgach, 1,5 ming nafar talabani turar joy bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
O‘rganishlar davomida bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, aholi farovonligini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

O‘rganishlar yakunida tuman kengashi deputatlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda hududdagi dolzarb masalalar, ularni hal etish choralari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, Senatning 16-yalpi majlisida qabul qilingan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA