O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazildi.
Majlisda ma’ruza qilgan Senat Raisi xalqimiz mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida keng qamrovli islohotlar yo‘lidan borayotganini qayd etdi. Barcha sohalarda, hududlarda yangilanish va ulkan bunyodkorlik ishlari shiddat bilan amalga oshirilmoqda.
– Umuman olganda, tarixan qisqa davrda ko‘lga kiritgan natijalarimizni butun dunyo e’tirof etmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Olib borilayotgan faol tashqi siyosat mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki global darajada nufuzini oshirmoqda. Tinchlik, barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan muhim xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish O‘zbekistonni jahon siyosati markazlaridan biriga aylantirdi. “Kelajakka sarmoyalar” shiori ostidagi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yaqinda aynan yurtimiz (Samarqand)da o‘tkazilgani – xalqaro maydonda islohotlarimizga bo‘lgan ishonch va yuksak e’tirof belgisi bo‘ldi. Bunday e’tirof dunyo hamjamiyati bilan barcha sohalarda teng, manfaatli va ishonchli hamkorlik rishtalarining yangi istiqbollariga zamin yaratishi shubhasiz.
Majlisda xalqaro aloqalarning kun sayin kengayib, yangicha mazmun bilan boyib borayotgani parlamentlararo hamkorlikda ham yaqqol namoyon bo‘layotgani e’tirof etildi. Buning yorqin misoli – yaqinda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi mintaqada ilk bor bizning yurtimizda muvaffaqiyatli o‘tkazilganidir.
Assambleyada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev global va mintaqaviy tinchlik, xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan nizolar, iqlim o‘zgarishlari, ijtimoiy himoya, sun’iy intellekt, yoshlar va xotin-qizlar huquqlari kabi masalalar bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur tashabbuslar nufuzli anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.
Senat yalpi majlisida muhim o‘rganishlar, tahlillar, sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. O‘rganish natijalari hududning o‘zida muhokama qilinmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 28 mart kungi sayyor majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Kamchiliklar ochiq-oydin aytildi. 20 nafardan ziyod mas’ulning egallab turgan lavozimiga noloyiqligi bo‘yicha xulosa va takliflar berildi. Bu borada tegishli choralar ko‘riladi. Muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar, jumladan, To‘rtko‘l tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha tegishli tadbirlar belgilandi.
Yalpi majlis birinchi ish kunida mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, sog‘liqni saqlash, mudofaa hamda sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qonunlar muhokama qilindi. Jumladan, senatorlar banklarni sanatsiya qilish va tugatish, issiqxona gazlari chiqarilishini cheklash, davlat mudofaa buyurtmasi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarini samarali ijro etishga doir qonunlarni ma’qulladi.
Majlisda muhokama qilingan masalalar, ma’qullangan qonunlar yurtimiz ravnaqiga, aholi, tadbirkorlar uchun munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar, imkoniyat va yengilliklar yaratishga, hududlar, soha va tarmoqlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4E1U_9m8u_I" title="Senatning oltinchi yalpi majlisida qanday masalalar ko`rib chiqilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yoqubov (video),
Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA