Parlament yuqori palatasi birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbari Senatning mahalliy kengashlar bilan hamkorligini, ular faoliyatiga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini qayd etgan.
Senat tomonidan keyingi paytda aynan shu masalaga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Mahalliy kengashlar bilan hamkorlik, fikr almashish sezilarli darajada yaxshilandi. Qonunlar muhokamasi jarayonida ham mahalliy kengashlar vakillari mulohazalari inobatga olinmoqda.
Joriy yilning 12–13 may kunlari xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari doimiy komissiyalari rahbarlari Senat qo‘mitalarida amaliyot o‘tamoqda.

Mahalliy kengashlar kotibiyatlari xodimlari Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazida malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Bu jarayonda mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari a’zolarining salohiyatini oshirish, ularni qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish hamda Senat qo‘mitalari bilan hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ishtirokchilar Senat qo‘mitalari va Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ular mahalliy vakillik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga oid dolzarb masalalarni hal qilishda kengashlarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha fikr almashmoqda.
Qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlar deputatlarini faol jalb qilish, ularning taklif va mulohazalarini inobatga olish, qabul qilinayotgan qonunlarda hududlar xususiyatlarni aks ettirish masalalari yuzasidan amaliy ko‘nikmalar ham shakllantiriladi.
Tadbirlar doirasida Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi Anvar To‘ychiyev boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda mahalliy kengashlar va doimiy komissiyalar faoliyatini takomillashtirish, Senat qo‘mitalari va mahalliy hokimiyat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali nazoratni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA