Senat yalpi majlisi yakunlandi
Oliy Majlis Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda 13 masala ko‘rib chiqildi.
Videokonferens-aloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda “Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi yangi qonunlar hamda ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunlar ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjetining 2021 yil yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi, Davlat byudjetining 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.
Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborildi.
Eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan hamda mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari esa muhokama etildi.
O‘zA