Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisi yakuniga yetdi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan majlisda hayvonlarni identifikatsiyalash, Soliq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunlar ma’qullandi.
Qonun hujjatlariga jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtirilayotgani munosabati bilan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitim ratifikatsiya qilindi.
O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash, mahalliy kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish, Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilashga oid masalalar bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining mamlakat hududlarida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti muhokama markazida bo‘ldi.
Senatorlar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim muammolar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Jumladan, xizmatlar sohasida ijara, ta’limga doir, shaxsiy xizmatlar va savdo xizmatlari hajmi o‘sishi sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani hamda yashirin iqtisodiyot ulushi saqlanib qolayotgani tanqid qilindi.
Yalpi majlisda hududlarda xizmatlar sohasida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish orqali xizmatlar hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarda xodimlarni ishga rasman qabul qilish va tizimda qayd etishni takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/T_st0xOidq0" title="Senat: xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklar tanqid qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, D.Yoqubov (video), A.Ahmedov (montaj), O‘zA