Senat Raisiga yangi o‘rinbosar saylandi
Oliy Majlis Senati yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva yaqin kunlarda mamlakatimiz hayotida ro‘y bergan muhim voqealarga to‘xtalib o‘tdi.
Vatanimiz mustaqilligi kuni yurtimiz bo‘ylab katta shukuh bilan nishonlangani e’tirof etildi. Bayram arafasida turli soha va tarmoqlarda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan xodimlar yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani, ular orasida senatorlar ham borligi qayd etildi.
–Xabaringiz bor, yaqindagina Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol spikerlari sammiti bo‘lib o‘tdi, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Nufuzli anjumanda global muammolar ko‘tarilishi bilan birga ularning yechimlari bo‘yicha ham muhim qarorlar qabul qilindi. Muhimi, sammitga davlatimiz rahbari, keng jamoatchilik alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari sammit haqida aholini, dunyo jamoatchiligini tanishtirishda faol bo‘ldi. Buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosarini saylash masalasi ko‘rib chiqildi.
Unda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 9 va 15-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq Murat Kallibekovich Kamalov Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Amanbay Tleubayevich Orinbayev Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari etib saylandi.
Bu borada Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA