Senat Raisi ustoz va murabbiylar bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Yakkasaroy tumaniga amalga oshirgan tashrifi doirasida bir guruh o‘qituvchi va murabbiylari bilan uchrashdi.
1 oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuv ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan pedagoglar faoliyatini e’tirof etish, ularga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamlashga qaratildi.

Senat Raisi ustoz va murabbiylarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. Shu o‘rinda ularning fidokorona mehnati, farzandlarimizni bilimli, yuksak ma’naviyatli insonlar va vatanparvar etib tarbiyalashdagi xizmatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Suhbat davomida so‘zga chiqqan ustoz va murabbiylar mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim sohasini rivojlantirish, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan pedagoglarning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning kasbiy maqomini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar amalda o‘z samarasini berayotgani alohida ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA