Senat Raisi: Oilalar barqarorligini ta’minlaydigan samarali, manzilli tizim yaratish zarur
Senat yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi 257-sonli qarori asosida respublikamizdagi 208 tuman va shaharda “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova nikohlanuvchilar uchun 16 soatlik “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida 2025-yilda 5 ming 235, 2026-yil birinchi yarmida 2 ming 666 ishda taraflar yarashtirilgan.
2026-yilning birinchi yarmida 93 ming 312 nikoh qayd etilib, 96 ming 673 nafar nikohlanuvchi yoshlar ushbu kurslarda o‘qitilgan.
Nizoli oilalar bilan manzilli ishlashga mo‘ljallangan ayol.gov.uz platformasida “Oila” profili moduli ishga tushirilgan.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash, mas’uliyatli ota-onalikni rivojlantirish va mediativ usullarni qo‘llashga qaratilgan ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlangan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalarga ham e’tibor qaratildi. 2026-yilning o‘tgan davrida oilaviy nizolar bo‘yicha atigi 151 mediativ kelishuv tuzilgani nikohdan ajralishlarning oldini olish va oilaviy nizolarni o‘zaro kelishuv asosida hal etishda mediatorlarning mavjud salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani ta’kidlandi.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildigan Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biri – har bir insonni bevosita tashvishga soladigan oila va oila mustahkamligi masalasi ekanini ta’kidladi.

– Bu jarayon, avvalo, inson qadrini ulug‘lash tamoyiliga asoslanmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Zero, inson qadri, eng avvalo, oila tinchligi va barqarorligida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, nikohdan ajralishni oddiy fuqarolik holatidagi o‘zgarish sifatida baholash mumkin emas. Bu – oilaviy qadriyatlar zaiflashishiga, eng muhimi, farzandlar taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy ijtimoiy, ma’naviy va axloqiy muammodir. Shuning uchun qabul qilingan qarorlar asosidagi chora-tadbirlarni izchil davom ettirishimiz kerak. Bu masalaga faqat “nazoratga olamiz” degan yondashuv yetarli emas. Oila mustahkamligi doimiy ravishda ustuvor vazifa bo‘lishi lozim. Eng muhimi, barcha oilalarga bir xil yondashuvdan voz kechish kerak. Har bir oilaning muammosi, ehtiyoji va imkoniyati turlicha. Shuning uchun zarur hollarda mahalla kesimida oilalarning holatidan kelib chiqib, ularni qo‘llab-quvvatlash va barqarorlashtirish bo‘yicha aniq, manzilli rejalar ishlab chiqilishi lozim. Bunda nafaqat ijtimoiy va psixologik, balki huquqiy mexanizmlardan ham to‘liq foydalanishimiz shart. Qonunchiligimizda oilalarni himoya qilishga qaratilgan samarali normalar yetarli. Endi asosiy masala – ularni amaliyotda to‘liq va samarali qo‘llash. Oila va xotin-qizlar maskanlari faoliyatini ham chuqur tahlil qilish zarur. Ularning haqiqiy ehtiyoji, samaradorligi va faoliyati uchun zarur tashkiliy-huquqiy asoslar aniq belgilab olinishi kerak. Oila institutini mustahkamlash, nikoh tuzish va nikohdan ajralishning psixologik jihatlarini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlarni davom ettirib, ularning natijalarini amaliyotga tatbiq qilish lozim. Umuman, asosiy maqsadimiz aniq: oilalarni saqlab qolish, ularda sog‘lom muhitni shakllantirish, ajralishlarning oldini olish va har bir oilaning barqarorligini ta’minlaydigan samarali, manzilli tizimni yaratishdir.

Senatorlar o‘z chiqishlarida hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar, shu jumladan, nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, o‘quvlarning sifati va amaliy samaradorligini oshirish, nizoli oilalarga psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordamni manzilli ko‘rsatish, erta nikohlarning oldini olish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA