Senat raisi islohotlar samaralari bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Olot tumanidagi “Ma’naviyat va ma’rifat” maskanida tuman mahallalarida faoliyat olib borayotgan beshlik: hokim yordamchisi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganish, jumladan, aholining bandlik darajasini, oilalarning daromad manbalarini, tomorqa yerlaridan foydalanish holatini hamda daromadli mehnatga bo‘lgan intilishi, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishning ichki imkoniyatlari, tadbirkorlik bo‘yicha ixtisoslashuv va mehnat resurslarini inobatga olgan holda, uni rivojlantirishga turtki beradigan omillar va yo‘nalishlar belgilab olingani va bu borada erishilgan natijalar bo‘yicha fikrlar almashildi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” klasterida bo‘ldi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Klaster so‘nggi to‘rt yil ichida o‘z faoliyat ko‘lamini qariyb 10 barobarga kengaytirdi. Bugunga kelib, 30 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar qurilgan Turkiya Respublikasi yetakchi kompaniyasining 80,2 million yevro mablag‘i evaziga bunyod etilayotgan yaxlit kompleksda bugun 400 nafar ko‘proq aholining bandligi ta’minlandi.
Bugun nafaqat sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, balki malakali mutaxassis kadrlarni tarbiyalashni ham asosiy maqsad qilgan klasterda 5 bosqichli tizimli ish amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Romitan tumanidagi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Turkiya investorlari hamkorligidagi qo‘shma korxona shaklidagi “WBM Romitex” MCHJda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-11390]
Ushbu korxona 12 ta blokdan iborat bo‘lib, shundan 6 tasi ishlab chiqarish bloklar. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 22 ming tonna ip-kalava, 22 million pagonometr gazlama va 22 million dona to‘quv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Senati raisi korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, zamonaviy texnologiyalar asosida ish unumdorligini oshirish, mehnat muhofazasiga e’tibor qaratish, quruvchilarning hayot xavfsizligi, ular uchun barcha sharoitlar yaratish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Keyingi manzil tumandagi “Yoshlar markazi” bo‘lib, ushbu markazda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bilan Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan maktab bitiruvchilari hamda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari, shuningdek, yoshlar uchun xorijiy tillarni o‘rgatish kurslari, zakovat o‘yinlari klubi bilan yaqindan tanishdi.
Tanzila Norboyeva “Romitan sayilgohi” savdo va ko‘ngil ochar ko‘cha (Broadway) majmuasida bo‘ldi. Sayilgohda aholini maroqli dam olishlari uchun konsert dasturlari hamda yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli xil sport o‘yinlari, aholi salomatligi uchun to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotlari, shuningdek, “Mohir pazanda” fevtivali, sumalak sayllari ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva oila muhitida tarbiya topayotgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni yashash sharoitini o‘rganish maqsadida Buxoro shahridagi 2-sonli Oilaviy bolalar uyi, Jo‘rayevlar xonadonida bo‘ldi. Oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi.
Uchrashuvlar davom etmoqda
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA