Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘ldi.
Tashrif davomida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari, ta’lim muassasalari, ijtimoiy obyektlardagi shart-sharoitlar, bandlik masalalariga e’tibor qaratilib, mahalla faollari va aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Senat Raisi «Ziyokor» mahallasi hududida yangi barpo etilgan 420 o‘ringa mo‘ljallangan «Kelajak bolalari» nomli 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi. Bolalar bog‘chasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishish jarayonida tarbiyada uzviylikka e’tibor qaratish, farzandlar ongiga milliy qadriyat va an’analarni singdirib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Olmazor tumani hududida yashil bog‘lar barpo etish, ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan ham amaliy choralar ko‘rilmoqda. Buning uchun tumanda manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, mavsumiy gullar turlarini yetishtirish uchun maxsus issiqxona tashkil etilgan.
«Olmazor Garden» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishildi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur issiqxonada yetishtirilgan ko‘chatlar tuman mahallalariga yetkazib beriladi. 50 ta ish o‘rni yaratilgan issiqxonada sohaning sir-asrorlarini o‘rgatishga mo‘ljallangan o‘quv kurslari ham tashkil qilingan.
Tadbirkorlik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish bugun davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Tumanda ayni shu maqsadda tashkil etilgan «Art-Shosh» – milliy hunarmandchilik maktabi va zamonaviy ishlab chiqarish markazi faoliyati bilan tanishuv chog‘ida kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromadli ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
40 ta ish o‘rni yaratilgan markazda asosan milliy hunarmandchilik mahsulotlari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura, naqqoshlik yo‘nalishlarida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, milliy hunarmandchilikka o‘qitishga asoslangan «ustoz-shogird» maktabi faoliyat yuritayotir.
«Ziyo» mahallasi hududidagi «Respublika urush va mehnat faxriylari pansionati»da esa Senat Raisi yoshi ulug‘ keksalar va muassasa xodimlari bilan samimiy suhbatlashdi. Pansionatda tashkil etilgan Navro‘z saylida ishtirok etdi.
Shu yerning o‘zida «mahalla yettiligi» tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi.
Muqaddas Ramazon oyida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, yordam ko‘rsatish xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlari sanaladi.
Senat Raisi Olmazor tumaniga tashrifi davomida Olimpiya, Guruchariq va Xastimom mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.
N.Abduraimova, O‘zA