Senat qo‘mitasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qaratildi
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Andijon viloyati hokimligining Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida viloyatda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar holati to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.
Andijon viloyatida turizm sohasida mavjud infratuzilmani rivojlantirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha tizimli yondashuvlarni amalga oshirish, madaniy meros ob’ektlari va turizm maskanlarida sayyohlar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Senatorlar tomonidan turizm sohasida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni faollashtirish, xalqaro turizm ko‘rgazmalari va festivallarda viloyatning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, viloyatda yagona hududiy brendni shakllantirish, kompleks turpaketlarni joriy etish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish hamda zamonaviy turistik xizmatlar turlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA