Senat qo‘mitalarida qanday masalalar ko‘rib chiqildi?
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida bir qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama etildi.
Xususan, “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun bilan kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lab berish uchun Omonatlarni kafolatlash agentligining faoliyati takomillashtirilmoqda.
Qonunda kafolatlash ob’ektlari, kafolatlangan omonatlar miqdori va ular bo‘yicha kompensatsiya to‘lash tartibi, miqdori, to‘lab berishning umumiy prinsiplari va omonatchilarning huquqlari aks etgan.

“Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan yuridik shaxs – mikromoliya banklari instituti joriy qilinadi. Qonun mikromoliya banki bilan bog‘liq tushunchalar, uning faoliyat turlariga oid normalar bilan to‘ldirilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda o‘rta professional va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xodimlar uchun beriladigan o‘quv ta’til kunlarini aniqlashtirish, shuningdek, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilishiga doir normalar belgilanmoqda.
Ishga qabul qilish chog‘ida ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki ID-kartasi, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni davlat organlari va tashkilotlari mustaqil ravishda idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilanmoqda.
***
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy kengashlarining xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Unda Senat va mahalliy kengashlar oldida turgan dolzarb vazifalarga e’tibor qaratildi. Xususan, sohaga oid qonunlarni ko‘rib chiqishda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishini ta’minlash uchun mahalliy kengashlar deputatlarining fikrlarini, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olish zarurligi aytib o‘tildi.

Seminarda Senat tomonidan mahalliy kengashlar uchun ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu qo‘llanma doimiy komissiyalarning faoliyatini samarali tashkil etish, asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aniq rejalarini belgilash, vakolatlari doirasida muhim masalalarni muhokama qilish va aniq natijalarga erishishda amaliy yordam beradi.
***
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar, Mudofaa va xavfsizlik masalalari hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitalarining qo‘shma majlisida Andijon, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlarida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan ushbu hududlar hokimliklari rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hududlar byudjetiga tushumlarni ko‘paytirish, soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni yig‘ish samaradorligini oshirish orqali yanvar-sentyabr oylarida jami 8,7 trillion so‘m tushum belgilangan bo‘lib, amalda prognoz ko‘rsatkichlari Andijon viloyatida 103 foizga, Jizzax viloyatida 103,1 foizga, Namangan viloyatida 104 foizga, Xorazm viloyatida 104,9 foizga ijro etilgan.
Mazkur hududlarda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida faoliyat ko‘rsatmagan va faoliyatini vaqtincha to‘xtatib qo‘ygan 12 ming 306 korxonaning faoliyati qayta tiklanib, tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar natijasida 13 ming 51 yangi korxona tashkil etilgan.
Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida qiymati 5,6 trillion so‘mlik 1 ming 94 loyiha ishga tushirilgani natijasida 54 ming 736 yangi ish o‘rni yaratilgan.
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida ushbu hududlarda 1 trillion 691 milliard so‘m o‘zlashtirilgani hisobiga 4,3 ming km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilingan va ta’mirlanib foydalanishga topshirilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga kamchiliklar hamda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, 2024 yil yanvar-sentyabr oylarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejasi Oltinko‘l tumanida atigi 58,8 foizga ijro etilgan. Zafarobod tumanida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish sur’atlari (88,4 foiz) ta’minlanmagan.
Senatorlar tomonidan bu borada amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA