SENAT: qanday masalalar e’tibor markazida bo‘ldi? (+video)
Bugun Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, davlat boshqaruvini takomillashtirish, qurilish, ijtimoiy himoya, raqamli texnologiyalar, texnik jihatdan tartibga solish hamda xalqaro hamkorlikka oid qator qonunlar ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisni ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva keyingi davrda mamlakat hayotida xalqaro, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega muhim voqealar yuz berganini ta’kidladi.
– Bu voqealarni birlashtirib turgan asosiy g‘oya – Yangi O‘zbekistonda ochiqlik, pragmatizm, xalq manfaati, inson qadri va hududlar taraqqiyotiga asoslangan davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani hamda uning amaliy samaralari hayotimizning barcha sohalarida namoyon bo‘layotganidir, - dedi Senat Raisi. – Prezidentning Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, keyingi yig‘ilishlarda ilgari surilgan tashabbuslar va hududlarga tashriflar chog‘ida berilgan topshiriqlar islohotlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu esa, barcha darajada ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, ijro intizomini mustahkamlash va har bir qarorning amaliy natijadorligini ta’minlashni talab etmoqda.
Yalpi majlisda senatorlar «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi. Hujjat investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, xalqaro kapitalni jalb etish va zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
«Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi. Unda ijtimoiy xizmatlarning yagona huquqiy asoslari, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni aniqlash hamda ularga manzilli yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi.
Mazkur qonun muhokamasida Tanzila Norboyeva ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘lar, imtiyoz va xizmatlar haqiqiy ehtiyojmandlarga yetib borishi shartligini ta’kidladi. Shuningdek, qonun ijrosi ustidan ta’sirchan parlament va deputatlik nazorati ta’minlanishi qayd etildi.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan qonun bilan ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni muqobil parvarish qilishning huquqiy asoslari ham takomillashtirildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunga muvofiq, jabrlangan xotin-qizlar va ularning farzandlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, ayrim davlat xizmatlaridan bepul foydalanish hamda maxsus markazlarda bo‘lish muddatini olti oygacha uzaytirish imkoniyati yaratildi.
Senatorlar texnik jihatdan tartibga solish sohasida milliy sifat infratuzilmasini takomillashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishga qaratilgan qonunni ham ma’qulladi.
Qurilish sohasiga oid qonun bilan davlat nazorati kuchaytirilib, ko‘p kvartirali uylarni tegishli ruxsatnomasiz qurganlik uchun javobgarlik oshirildi. Shuningdek, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berish tartibi joriy etilib, seysmik xavfsizlik sohasidagi vakolatlar aniqlashtirildi.
Yalpi majlisda «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini qisqartirish, litsenziyalash va eksport tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan qonun ham ma’qullandi.
Senatorlar ma’qullagan qonunlar davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, inson huquqlari himoyasini kuchaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash hamda qurilish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pUnjBatfGDE" title="SENAT: qanday masalalar e’tibor markazida bo`ldi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
Nishonboy Abduvoitov (video),
Salim Obidjonov (montaj), O‘zA