Elektron shakldagi mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy – apparat majmuida rasmiylashtiriladi.
Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Fuqarolarning mehnat qilishi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar va keng imkoniyatlar bugun o‘z natijasini bermoqda.

– Amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqimizni rozi qilish, odamlarning muammolarini tinglash va ularga o‘z vaqtida yechim topish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan, – dedi E.Gadoyev. – “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun bilan mehnat shartnomasi elektron shaklda ham tuzilishi mumkinligi belgilanmoqda. Elektron shakldagi mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy - apparat majmuida rasmiylashtiriladi.

Qonun bilan Mehnat kodeksiga «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etish, ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, ishga qabul qilish chog‘ida shaxsning pasporti yoki ID-kartasini, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni talab qilmasdan, davlat organlari va tashkilotlari mustaqil ravishda, shu jumladan, axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga o‘tishi ta’minlanishiga, davlat organlari va tashkilotlarida xodimni ishga qabul qilishda noqonuniy rad etish holatlari kamayishiga, shuningdek, ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish kabi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA