Senat: Fuqarolar murojaatlarini chuqur o‘rganish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish zarur
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisida Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohalariga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish holati muhokama qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyatidan Oliy Majlis Senati, Xalq qabulxonalari hamda tegishli vazirlik va idoralarga 4,4 mingta murojaat kelib tushgani qayd etildi.
Murojaatlarning 1,65 mingi suv xo‘jaligi, 1,48 mingi esa ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda 1,25 mingi qishloq xo‘jaligiga taalluqli. Murojaatlarni ko‘rib chiqish va aholi muammolarini hal etish borasida muayyan natijalarga erishilgan. Kelib tushgan murojaatlarning 60 foizi ijobiy hal etilgan.
Suv xo‘jaligi sohasida aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish maqsadida murojaatlarni tezkor qabul qilish mexanizmlari joriy qilingan. Xususan, telegram messenjerida “Suv xo‘jaligi vazirligiga murojaat” portali, 24/7 rejimida ishlovchi ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Muhokama jarayonida murojaatlarning kelib tushish sabablari va hududlar kesimi bo‘yicha tahlilga ko‘ra ayrim yo‘nalishlarda tizimli muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Suv ta’minoti va irrigatsiya infratuzilmasi, yer munosabatlari, ekologik holat, qishloq xo‘jaligida subsidiya va kreditlar ajratish, yetishtirilgan mahsulotlar uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar shular jumlasidan.
Fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni chuqur o‘rganish, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish, muammolarni quyi bo‘g‘inning o‘zida hal qilish, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida qo‘mitaning aniqlangan muammolarni bartaraf etish, ularning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA