2023 yilning aprel oyida umumxalq referendumi orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.
Asosiy qonunda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan o‘z faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Qonun bilan parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlar aniqlashtirilmoqda. Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartiriladi. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim jihat – 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini o‘tkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazishi belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA