“Semurgʻ” xokkeychilaridan navbatdagi gʻalaba
8 fevral kuni poytaxtimizdagi “Ice City” majmuasida xokkey boʻyicha tarixiy Oʻzbekiston chempionati bahslariga start berilgandi
Xabaringiz bor, 8 fevral kuni poytaxtimizdagi “Ice City” majmuasida xokkey boʻyicha tarixiy Oʻzbekiston chempionati bahslariga start berilgandi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bora tashkil etilayotgan musobaqalarda poytaxtimizning “Binokor”, “Xumo”, “Semurgʻ” hamda “Toshkent Siti” jamoalari ishtirok etishyapti. 1-tur oʻyinlarida “Toshkent” jamoasi “Binokor” ustidan yirik – 5:1 hisobida gʻalabaga erishgan boʻlsa, “Xumo” va “Semurgʻ” jamoalari bahsida 4:5 hisobi qayd etilgandi.
Bugun jamoalar 2-tur oʻyinlarini oʻtkazishmoqda. Biroz avval yakunlangan “Binokor” va “Semurgʻ” jamoalari toʻqnashuvi keskin va murosasiz kurashlar ostida oʻtib, gollarga boy boʻldi. Uchrashuvda darvozalar jami 11 marotaba ishgʻol etildi.
Mazkur oʻyinda xokkey boʻyicha Oʻzbekiston chempionatidagi dastlabki xet-trik ham kuzatildi. “Binokor”chi Alisher Rahmonov raqib darvozasiga uchta shayba yoʻllashga muvaffaq boʻldi. Biroq, Rahmonovning jasorati ham “Binokor”ni mamlakat chempionatidagi ketma-ket ikkinchi magʻlubiyatdan qutqarib qololmadi. Yakuniy hisob – 6:5, “Semurgʻ” foydasiga.
Ayni daqiqalarda maydonda “Xumo” va “Toshkent” jamoalari oʻzaro kuch sinashmoqda.
Eslatib oʻtamiz, birinchi Oʻzbekiston chempionati oʻyinlari qariyb ikki oy davom etadi. Muntazam chempionat bahslari 17 martda yakunlanadi. 20 martdan esa ikki raunddan iborat pley-off bahslariga start beriladi. Bu bosqichda oʻyinlar uchta gʻalabagacha davom etadi.