Guliston davlat universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sohibi, falsafa fanlari doktori, professor Said Shermuhamedov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan “Said Shermuhamedov falsafiy o‘qishlari” doirasida “Said Shermuhamedovning ilmiy va ma’naviy merosining avlodlararo vorisiylikni ta’minlashdagi ahamiyati” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarni O‘zbekiston faylasuflar jamiyati Sirdaryo bo‘limi raisi, falsafa fanlari nomzodi, professor Ravshanbek Mahmudov olib bordi. Tadbir ochilish marosimida Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Xodjiyev so‘zga chiqib, akademik Said Shermuhamedovning milliy falsafiy tafakkurni rivojlantirishdagi beqiyos hissasi, uning ilmiy maktabi va izchil fikrlash an’analarini shakllantirishda tutgan o‘rni, shuningdek, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishdagi xizmatlari haqida to‘xtaldi.

Seminarda akademikning singlisi — Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Jamila Shermuhamedova ham ishtirok etdi.
– Bunday anjumanlar akamning xotirasini ardoqlash bilan birga, uning ilmiy va ma’naviy merosini yangi avlodlarga yetkazish, yoshlarni mustaqil fikrlash va chuqur tafakkurga yo‘naltirishda muhim ahamiyatga egadir,– deydi Jamila opa.– Said Shermuhamedovning inson, jamiyat, vijdon, adolat va axloq haqidagi falsafiy qarashlari bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. U kishining g‘oyalari milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy uyg‘onishda muhim nazariy poydevor hisoblanadi.

Tadbir doirasida akademik haqidagi “Suyumli – sharafli inson” kitobi taqdimoti hamda shu nomdagi hujjatli film namoyish etildi.
Said Shermuhamedov 1930 yil 12 may kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1948–1953 yillar mobaynida Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. Talabalikdan so‘ng, ushbu universitet aspiranturasida o‘qishni davom ettirgan. 1960 yilda nomzodlik, 1974 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1994 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.

60 yildan ortiq ilmiy va davlat xizmati davomida akademik Said Shermuhamedov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Falsafa va huquq institutida ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O‘zbekiston Milliy universiteti falsafa kafedrasi mudiri kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan. U ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, falsafiy tahlil va fikrlash maktabini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan. Akademik rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari yetishib chiqqan.


Seminarda Buxoro innovatsiya universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Dilnoza Ro‘ziyeva, Mudofaa vazirligi toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari, polkovnik Xudoyor Qalandarov, Falsafa va ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti Sobirjon Ismoilov, akademikning ko‘plab shogirdlari va izlanuvchi olimlar ma’ruzalar bilan qatnashishdi. Tadbir davomida Said Shermuhamedovning boy ilmiy merosi, axloqiy va estetik qarashlari, insonparvarlik g‘oyalari va ularning bugungi kun uchun ahamiyati xususida fikr almashildi.
G‘. Primov, O‘zA muxbiri