Yo‘llarning ta’mirtalabligi eng og‘riqli masalalardan biri sanaladi. Birgina Qashqadaryo viloyati misolida olsak viloyat markazi Qarshi shahrining o‘zida ham muammoli yo‘llar istalgancha topiladi. Bugun jahon tajribasida sinalgan sement-beton qorishmasidan qilinayotgan yo‘llar anchagina kamxarj va uzoq muddat chidamliligi bilan ahamiyatlidir. Boz ustiga bunday yo‘llarni qurish uchun zarur xomashyo yurtimizda yetarli. Shu bois oxirgi yillarda sement-beton qoplamali yo‘l qurish ko‘lami keskin oshmoqda. Ayniqsa, uzoq vaqt ta’mirtalab bo‘lib qolgan ichki yo‘llarga sement-beton qoplamasi yotqizilayotgani aholiga ham ancha ma’qul kelmoqda. Mahalla va guzarlardagi yo‘llar tobora ravonlashib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 18 maydagi “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qarorga asosan o‘tgan yili Qashqadaryoda jami 190 kilometr uzunlikdagi yo‘llarga sement-beton qoplamasi yotqizish ko‘zda tutilgan edi.
Vohada faoliyat ko‘rsatuvchi “Modernizatsiya maxsus servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati mazkur tashabbus ro‘yobini ta’minlayotgan tadbirkorlik sub’ektlaridan biri sanaladi. Asosan yo‘l qurilishiga ixtisoslashgan ushbu korxonada ayni paytda bu vazifani ado etish uchun zarur imkoniyat bor. O‘tgan yili bu tashabbus doirasida Qamashi tumanida sement-beton qoplamali yo‘llarni barpo qilishga kirishgan tadbirkorlik sub’ekti sement-beton qorishmasi tayyorlovchi zamonaviy zavodni ishga tushirgan. Xitoy texnologiyasiga asoslangan, avtomatlashtirilgan ushbu zavod soatiga 80 tonna beton qorishmasi tayyorlash quvvatiga ega.
Korxona mas’ullarining ta’kidlashicha, o‘tgan yil Qamashi tumanidagi 10 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llariga sement-beton qoplamasi yotqizilgan. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda. Kelgusida tadbirkorlik sub’ektini yo‘l qurilish sohasidagi klasterga aylantirish rejalashtirilgan. Jumladan, beton uchun zarur xomashyoni shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda xorijdan qum-shag‘al qazib olish imkonini beruvchi uskunalarni olib kelish, qolaversa, vohada xomashyo yetarliligini hisobga olib, sement mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov