Sektor rahbarlari yoshlarga hisobot berdi
Samarqand shahrida viloyat sektorlari rahbarlari tomonidan yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish uchun “mahallabay” amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida aholiga, xususan, yoshlarga hisobot berish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Festival tarzida uyushtirilgan tadbir 5 ming qadam yurish marafoni bilan boshlandi. So‘ngra harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, besh muhim tashabbus bo‘yicha o‘quvchi va talaba-yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, tanlovlar o‘tkazildi.
Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi va IT-park da ochiq eshiklar kuni tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Samarqand yoshlar markazida viloyat sektorlari rahbarlari o‘z hududlarida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlariga sharoit yaratish borasida olib borayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, uchrashuvda yigit-qizlar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar va takliflarni o‘rtaga tashladi. Ularning yechimi bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar berildi.
– Haydovchilarning spirtli ichimlik iste’mol qilganini aniqlovchi uskuna ixtiro qildim, – deydi Dostonbek Eshonov. – Buni bugun viloyatning 3-sektori rahbari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i bilan birga sinovdan o‘tkazdik. U kishi bu uskuna yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari uchun juda zarur ekanligini aytib, buning ustida mukammal ishlashimni va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytdi.
Uchrashuv davomida yoshlardan ellikdan ortiq savol va takliflar qabul qilindi. Har bir muammoli masala yuzasidan mas’ullar va muddat belgilandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA