Sektor rahbarlari oʻquvchilarga dars oʻtdi
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida tuman sektorlari rahbarlari tomonidan tarbiya darslari oʻtkazildi.
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida tuman sektorlari rahbarlari tomonidan tarbiya darslari oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari raisligida 2019-yilning 23-avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etib oʻtilgan edi. Shunga koʻra, 1-9-sinflarda 2020-2021 oʻquv yilidan, 10-11-sinflarda 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish, unda rahbarlarning ishtirokini taʼminlash koʻzda tutilmoqda.
Shundan kelib chiqib Gʻuzor tumani sektor rahbarlari tomonidan tajriba-sinov tariqasida tarbiya darslari tashkil etildi. Shu kuni tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi 8-sinf, tuman ichki ishlar boʻlimi rahbari 9-sinf, tuman prokurori 10-sinf va tuman hokimi 11-sinf oʻquvchilariga dars oʻtdi.
Darslarda sektor rahbarlari oʻquvchilarga bolalikda maktabda oʻzlarini qanday tutganliklari, qanday oʻqiganlari, kimdan qaysi jihatlarni oʻrganganlaridan xursand ekanliklari-yu nimalarni oʻrganmagandan afsuslanishlarini, el-yurt ichida hurmat-ehtiromga sazovor boʻlish uchun nimalarni nazardan chetda qoldirmaslik zarurligini hayotiy misollar yordamida soʻzlab berishdi. Qiyinchiliklarni yengish va muvaffaqiyatga erishish “sir”lari bilan oʻrtoqlashishdi.
– Eng avvalo, bolalardagi ishtiyoqni, bilimga intilishni koʻrib juda xursand boʻldim, – deydi Gʻuzor tuman prokurori Bekzod Suyunov. – Oʻquvchilarga oʻz hayotiy tajribalarimizni soʻzlab berdik. Haqiqat taqqoslarda koʻrinadi, deyishadi. Shu bois bugun yoshlar kamoli uchun yaratilgan sharoitlaru bolaligimizda guvohi boʻlganimiz – mashaqqatlar oʻrtasidagi tafovutni roʻy-rost koʻrsatib berishga intildik. Ochigʻi, maroq bilan dars oʻtdik. Shunday darslarni har haftada bitta maktabda oʻtkazishga kelishib oldik.
Tarbiya darslariga shu maktabning sobiq oʻquvchisi, “Nuroniy” jamgʻarmasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Yanvar Inoyatov ham mehmon boʻlib, yoshlarga oʻzining bolalik yillari, oʻsha paytlardagi mashaqqatlar, bugungi dorilamon kunlarning qadriga yetish kerakligi haqida soʻz yuritdi. Bunday darslar yosh avlod qalbidagi begʻubor orzu-havaslar roʻyobga chiqishiga katta turtki boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.