Jizzax maxsus industrial zonasida 2-sektor rahbari yoshlar bilan uchrashdi.
Jizzax maxsus industrial zonasida 2-sektor rahbari yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida yoshlar maxsus industrial zonasi hududidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Jizzax akkumulyator zavodi, qurilish oynalari zavodi kabi korxonalar, yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Uchrashuvda Prezidentimizning 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, sektor hududidagi yoshlar tashabbuskorligini oshirish, taklif va muammolarini oʻrganish, ularni hal etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Sektor hududidagi aholining 9 mingdan ziyodini yoshlar tashkil etadi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra, ularning 271 nafari uyushmagan yoshlar ekan.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, 2019-yil sektor hududida “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 6 biznes loyiha amalga oshirilgan. Ularga 1 milliard 750 million soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratilgan. Yil davomida sektor hududida oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarida 392 yosh ish bilan taʼminlangan.
Uchrashuvda yoshlar oʻzlarining tashabbus va takliflarini bildirdi.

– Men shahrimizda “Yoshlar mehnat guzari” barpo etmoqchiman, – dedi Husan Fayzullayev. – Barcha loyiha-smeta hujjatlarim tayyor. Biznes loyiha boʻyicha mehnat guzarida 25 yangi ish oʻrni yaratiladi. Menga qurilish uchun joy zarur.
Uchrashuvda yosh tadbirkorning bu tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, shahar hokimligi tomonidan zarur yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar yangi loyihalarni amalga oshirib, tengdoshlarini ish bilan taʼminlash, yoshlar oʻrtasida madaniy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarini kuchaytirish, yoshlarning boʻsh vaqtini koʻngilli oʻtkazish uchun sharoitlar yaratish kabi koʻplab masalalar yuzasidan taklif va tashabbuslarini bildirdi. Muloqot davomida oʻrtaga tashlangan barcha masalalar, taklif va tashabbuslar boʻyicha sektor va soha rahbarlari zimmasiga vazifalar yuklandi.
Uchrashuvda faol yoshlarning bir guruhiga sektor rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va badiiy kitoblar berildi.