Sektor rahbari aholi muammolarini hal etdi
Navoiy shahar hokimi, 1-sektor rahbari Muhiddin Bazarov 2-umumta’lim maktabida aholi vakillari bilan uchrashdi. Tadbirda sektor rahbariga murojaat qilgan fuqarolarning aksariyat muammolari shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.
Firdavs Ergashev asli Karmana tumanida ro‘yxatda turadi. Ammo qabulda ishtirok etib, ishga joylashish masalasida hokimdan ko‘mak so‘radi. Suhbat chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, u 2017-2019 yillarda Turkiya davlatida bo‘lib, mebelsozlik sexida faoliyat yuritgan. O‘zbekistonga qaytgach esa ma’lum muddat taksichilik bilan shug‘ullangan. Ayni paytda esa ishsiz. Shahar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan u shahar maktabgacha ta’lim bo‘limiga haydovchilikka ishga taklif qilindi.
Nasiba Shukurova 51 yoshda. Navoiy shahridagi “O‘zbekiston” mahallasida istiqomat qiladi. Boquvchisini yo‘qotganiga 2 yil bo‘ldi. Voyaga yetmagan bir nafar farzandi bor. Unga Navoiy shahridagi milliy shirinliklar ishlab chiqarish korxonasiga ishga joylashish taklif etildi. Uning roziligi bilan murojaat ijobiy hal etildi. Shuningdek, ayni paytda istiqomat qilayotgan 3 xonalik uyning o‘ziga tegishli qismiga order olish masalasi yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal etish yuzasidan mutaxassislarga topshiriq berildi.
Shuningdek ishga joylashish masalasida murojaat qilgan Hurmatoy Mo‘minova va Dilnoza Aslanova shahar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan kvota asosida 16-umumta’lim maktabiga ishga joylashtirildi.
Uchrashuvda “Turon” MFYda yashovchi G.Saidovaga texnikumda o‘qiyotganligi uchun kontrakt to‘lovining 50 foizi, “Kimyogar” MFYda yashovchi Z.To‘xtayevaning farzandi operatsiyasi uchun 30 million so‘m, “Yangi obod” MFYda joylashgan yotoqxonada yashovchi D.Pebobarovaning yashab turgan xonalari yonib ketganligi bois mebel jihozlari uchun sarflanadigan mablag‘ “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo‘linmasi tomonidan to‘lanadigan bo‘ldi.
Navoiy shahar 1-sektor hududida 10 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, bugungi kunda hududdagi aholi soni 43 ming 274 nafarni tashkil etadi. Sektor hududida 6 ta maktab, 18 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta tibbiyot birlashmasi hamda 2 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda. Sektordagi barcha mahallalarning har biriga 1 nafardan bank xodimi biriktirilib, mahalla raislari hamda shakllantirilgan ishchi guruhlar bilan “xonadonbay” ish tashkil etilgan.
Ma’lumki, uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish sektor rahbarining asosiy vazifalari etib belgilangan. Yakunlangan yilda sektor rahbari tashabbusi bilan 84 ta investitsiya loyihalari asosida ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish korxonalari ishga tushirildi va 929 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Navoiy shahar “Yangiariq” MFY hududida "Janubsanoatmontaj" AJ korxonasi negizida tekstil korxonasi tashkil etilib, 350 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi, – deydi shahar hokimi M.Bazarov. – Shuningdek, “Istiqlol” MFY hududida “STIMUL NAVOIY” MCHJ transport va yuk tashish logistika xizmatini tashkil etish orqali 29 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Zo‘r chevar” ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun esa 33 million so‘m bank krediti ajratildi va 8 ta ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, sektor hududida “JSM-Tekstil” MCHJ ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilib, 12 nafar xotin-qiz ish bilan band bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida sektor hududidagi aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 1-xavf guruhda 8464 nafar, 2-xavf guruhda 4823 nafar, 3-xavf guruhida 2405 nafar, 4-xavf guruhida esa 423 nafar fuqaro ro‘yxatga olindi. 3- va 4-guruhlarga kiruvchi fuqarolar yil davomida ambulator va statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi. 18 yoshdan katta 17 ming 852 nafar kishi 2021 yil davomida to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
[gallery-5492]
Sektor bo‘yicha “Yoshlar daftari” platformasi bo‘yicha ro‘yxatda umumiy 4752 nafar yosh bilan anketa so‘rovnomalari o‘tkazilib, shundan 651 nafari “Yoshlar daftari” ga kiritilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bartaraf etildi. 644 nafari daftardan chiqarilgan. bugungi kunda “Yoshlar daftari” dagi 7 nafar yoshning muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda. “Ayollar daftari” ga kiritilgan 379 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qish hamda kredit olish istagida bo‘lgan xotin-qizlar kasbga o‘qitildi, 56 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi. 6 nafar xotin-qizga reabilitatsiya moslamalari ajratildi. 8 nafar xotin-qizning uy-joylari to‘liq ta’mirlandi.
O‘tgan 2021 yilda sektor shtabiga hamda sayyor qabullarda murojaat qilgan 725 nafar fuqaroga sog‘ligini tiklash, ijtimoiy holatini yaxshilash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qariyb 300 million so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan. Sektor hududidagi, “Hayot” MFY binosi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari “Bunyodkor” MFY binosi, 15-, 6-,2-, 5- va 10-sonli maktab binolari joriy ta’mirdan chiqarildi. Sektorga qarashli mahallalarda jami 13 ta Workout hamda 3 ta Streetbol sport maydonchalari tashkil etildi. “Hayot”, “Yangiariq”, “Bunyodkor”, “Guliston” MFYlar hududidagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, ta’mirlandi hamda 3500 metr oqova suv yo‘llari tozalandi.
Sektor hududidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan mahallarga qarashli ko‘p qavatli uylar oldidagi 22 ta bolalar maydonchalari va ko‘p qavatli uylar tom qismlari qayta ta’mirlandi, temir panjaralar o‘rnatildi, yangi sport maydonchalari tashkil etildi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA