“Sehrli chapaqay” yosh tomoshabinlarga havola qilindi
Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida yangi milliy kino mahsuloti – “Sehrli chapaqay” badiiy filmining premera namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk debyutiga hamohang o‘tkazilgan taqdimotda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov yurtimizda yosh avlod kamoloti, jismoniy tarbiya va sport hamda milliy kinematografiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi.



Binobarin, bu boradagi ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi filmlar ertamiz egalarini xayrli maqsadlar sari ilhomlantirishda alohida ahamiyatga ega. Kino ijodkorlari filmni suratga olish jarayonlari, uning asosiy g‘oyasi va tomoshabinga yetkazilmoqchi bo‘lgan muhim hayotiy saboqlar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, “Your Films Entertainment”, “UFA”, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Kontent markazi” hamkorligida ishlab chiqarilgan ushbu kartina sport, matonat, halollik va insoniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy loyiha sifatida keng jamoatchilik e’tiboriga taqdim etildi.

Film voqealari Qashqadaryo viloyatida kechib, unda insonning ulkan orzu-maqsadlari sari intilishi, hayotning turli sinovlari va g‘alabaga mehnat, intilish, qanoat va halollik orqali erishish mumkinligi badiiy ifoda qilingan.

Bosh rollarni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Saidov, Murod Nasimov, Shahlo Temirova, Sirojiddin Sattorov, Ardasher Abdulhay o‘g‘li to‘laqonli ijro etgan.

Premera yakunida, ijodkorlar imzolari tushirilgan koptoklarni bolajonlarga sovg‘a qildi. Film yozgi ta’til kunlarini maroqli o‘tkazayotgan o‘quvchi-talabalar, kino shinavandalar tomonidan katta qiziqish va yorqin taassurotlar bilan qarshi olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA