Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda 120 milliondan ziyod ko‘chmanchi bor. Bu Yer yuzidagi har 67 insondan biri qochqin, degani. Har daqiqada 20 kishi urush, quvg‘in yoki qo‘rquv tufayli uyini tark etadi.
42,7 million chegarani kesib o‘tganlarning 73 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlar, 67 foizi qo‘shni davlatdan boshpana topgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z murojaatida “Sudandan Ukrainagacha, Gaitidan Myanmagacha qo‘llab-quvvatlash kamayib borayotgani sababli rekord miqdordagi odam qochmoqda”, dedi.
Majburiy ko‘chirilganlar soni misli ko‘rilmagan darajaga chiqib, gumanitar yordam tahdid ostida qolmoqda. “Qochqinlar bilan birdamlik” kun tartibiga chiqqani bois, qochishga majburlarni qo‘llab-quvvatlash uchun aniq choralar ko‘rish lozim.
BMT yangi hisobotida global ko‘chish ikki barobar ko‘paygani, moliyalashtirish esa qisqargani qayd etilgan.
– Birdamlik insonparvarlik va taraqqiyot yordami, himoya qilish va ko‘chirish kabi barqaror yechimlar ko‘lamini kengaytirish, xalqaro huquq ustuni – boshpana huquqini himoya qilishni anglatadi, – dedi Bosh kotib. – Bu qochqinlarni tinglash va ularning kelajagini shakllantirishda ovozga ega bo‘lish ta’minlanishini ham anglatadi. Shuningdek, ta’lim, munosib ish va teng huquq orqali uzoq muddatli inklyuzivlikka sarmoya kiritish zarur.
2024 yil 188 800 qochqinga doimiy yashash huquqi berildi – bu oxirgi 40 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich. BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2019-2023 yillar oralig‘ida sakkiz mamlakatdan qariyb bir million qochqinga mehnat migratsiyasi, o‘qish yoki oilani birlashtirish orqali 38 davlatga kirish huquqi berilgan. Qochqinlar uchun qonuniy migratsiya yo‘llarini ta’minlovchi yetakchi davlatlar hisoblangan Germaniya, Kanada, AQSH, Buyuk Britaniya va Shvetsiya oilalarni birlashtirish imkoniyati, mehnat va talabalar migratsiyasi uchun viza mexanizmidan faol foydalanmoqda.
Bundan tashqari o‘tgan yil 9,8 million kishi, jumladan 1,6 million qochqin va 8,2 million ichki ko‘chmanchi uyiga – Afg‘oniston va Suriyaga qaytdi. BMT ta’kidlashicha, qaytish ixtiyoriy bo‘lishi va qaytib kelganlarning qadr-qimmati va xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Bu esa uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va barqaror rivojlanish sa’y-harakatini talab qiladi.
So‘nggi o‘n yillikda dunyo bo‘ylab ichki ko‘chirilganlar soni ikki barobar ko‘paydi. Shu bilan birga moliyaviy yetishmovchilik allaqachon zaif bo‘lgan ko‘chirilgan jamoalarni xavf ostiga qo‘yadi va mezbon mintaqalarda beqarorlikni kuchaytiradi.
– Odamlar hech qachon qochqinlikni tanlamaydi, – deya xulosa qiladi BMT Bosh kotibi. – Biz esa qanday munosabatda bo‘lishni tanlay olamiz. Shunday ekan, birdamlik va qat’iylikni tanlaylik. Insoniyatni tanlaylik.
S.Rahimov, O‘zA