Bolalar uchun yozgi ta’tilni maroqli, mazmunli tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
Zero, yozgi ta’til maktab mashg‘ulotidan charchagan o‘quvchi to‘liq dam olishi, kuch to‘plashi va sog‘lig‘ini yaxshilashi mumkin bo‘lgan vaqt hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda bolalarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida “Yoz-2022” shtabi tashkil etildi. 205 ta statsionar oromgohda faoliyat yuritish uchun jami 4 683 pedagog-kadr ro‘yxati shakllantirilib, ular maxsus dastur asosida o‘qitildi.
Joriy yoz mavsumida mamlakatimiz bo‘ylab ochilgan 1 131 oromgohda 297 441 nafar bola dam olishi rejalashtirilgan. Mavsum davomida bolalarni oromgohga jalb etish va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etish uchun jami 100 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari sog‘lomlashtirish maydonchasi tashkil etilgan 533 ta’lim muassasasida 47 840 nafar o‘g‘il-qiz dam oladi.
Yoz – har bir bola orziqib kutadigan ajoyib davr. Farzandlarimiz maroqli xordiq chiqarishi nafaqat xohish-istakka, balki muayyan davlatning an’analariga ham bog‘liq. Tabiiyki, dunyo mamlakatlarida ham ta’til turlicha.
Yaponiyada rasmiy “bilim kuni” – 1 aprel, o‘quv yili yakuni – 1 mart. Yaponlar ko‘p o‘qiydi, bu keyinchalik ularga yaxshi maoshli ish topishga yordam beradi. Bolalar “bayramlar qiyin mavzuni tushunish uchun qo‘shimcha vaqt topish maqsadida yaratilgan” deya ishontiriladi. Ko‘pchilik ta’tilda o‘qituvchi tomonidan berilgan vazifani bajarish bilan mashg‘ul bo‘ladi yoki iyeroglif chizish, yozish qobiliyatini rivojlantiradi.
Fransiyadagi ta’lim muassasalari ish jadvali, shu jumladan, bayramlar mintaqaga bog‘liq. Umuman, milliy bayramlarni hisobga olmaganda, o‘quv yili davomida bola besh marta dam oladi. Darvoqe, fransuz onalari iloji boricha farzandining yaxshi o‘qishini ta’minlashga intiladi. Shuning uchun ta’til payti ko‘pchilik bola bilimi bilan bog‘liq mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga kirishadi.
Ko‘pgina ispan maktablarida "Yoz" 20-23 iyunda, o‘quv yili, taxminan, sentyabr oyi o‘rtasida boshlanadi. Demak, kichik ispaniyaliklarning yozgi ta’tili biroz qisqa. Aksariyat yoshlarvaqtini oila a’zolari, katta avlod – bobo va buvilar davrasida o‘tkazadi. Ispaniyada o‘ziga xos yozgi oromgohlar ko‘p. "Sampamentos", odatda, so‘lim tog‘li hududda yoki qirg‘oqda joylashgan. Bunday maskanlarda maktab o‘quvchilariga milliy qo‘shiq yoki raqs o‘rgatiladi. Ayniqsa, yoshlarga chet tillarini chuqur o‘rgatadigan muassasalar juda ommabop. Ispanlar o‘qishga jiddiy ahamiyat beradi, bolalar yozda ham ko‘p o‘qiydi. Ota-ona dam olishni farzandi bilan birga rejalashtirishi uchun ta’lim muassasasi veb-saytida zarur ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Dam olish kunlari bolalar uchun nafaqat an’anaviy maktab yoki dala oromgohi, balki maxsus oromgohlar ham tashkil etiladi. Masalan, raqsni, pazandalikni o‘rgatadigan, badiiy yo‘nalishli oromgohlarga talab kuchli. Sport turlari orasida ispan bolalar tennisni afzal ko‘rishadi.
Ispaniya maktab ta’limidagi asosiy muammolardan biri bolalarga haddan ziyod ko‘p uy vazifasi berilishidir. Ta’til topshirig‘ini bajarish uchun ba’zi maktab o‘quvchilari dam olish kunlarini ham darsga sarflashga majbur bo‘ladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida maktab ta’tili uchta bayram – Rojdestvo, Pasxa va Shukrona kuni bilan bog‘langan. Dam kunlari davomiyligi va sanasi turli shtatlarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Kichkina amerikaliklar bo‘sh vaqtini o‘zlari rejalashtiradi. Ko‘pincha bolalar internetda muloqot qilishadi yoki televizor ko‘rishadi.
Britaniya maktablarida o‘quv yili uch davrga bo‘lingan. Mashg‘ulot Rojdestvo va Pasxa bayrami sharafiga ikki haftalik ta’til bilan to‘xtatiladi. Shuningdek, oktyabr, fevral va may oylarida "yarim trimestr" haftalik ta’tili mavjud. Mamlakatda o‘quv yili iyun oxiri – iyul oyi boshigacha davom etadi va sentyabrda boshlanadi.
Britaniya boshlang‘ich maktablarida uyga vazifa berish bir necha yil oldin bekor qilingan. Bu yurtda uy vazifasi o‘n-o‘n bir yoshgacha ortiqcha stressga sabab bo‘ladi, bola dars bilan emas, balki ota-onasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi kerak, deb hisoblashadi. Ba’zi xususiy maktablarda uy va ta’til uchun vazifalar ixtiyoriy ravishda taqsimlanadi.
Avstraliyada o‘qish davri to‘rt chorak davom etadi, orada ikki haftalik ta’tillar mavjud. Bu mamlakat ta’lim tizimi boshqa davlatlardan keskin farq qiladi. Masalan, maktabda haftasiga faqat besh kun o‘qish odat tusiga kirgan, uyga vazifa berilmaydi, o‘rta ta’lim davomiyligi o‘n ikki yil. Avstraliyada issiq iqlim tufayli sportga alohida e’tibor qaratiladi, yoshlar har kuni, hatto, bayramlarda ham to‘xtamay mashq qiladi. O‘rta va katta yoshli o‘quvchilariga bayram va ta’tilni o‘zlari rejalashtirishiga ruxsat beriladi.
1,5 milliard aholisi bor Xitoyda o‘qish-o‘rganish bolaning tili chiqishi bilan boshlanadi va hech qachon tugamaydi. Xitoy tizimi sayyoramizdagi eng qiyin ta’lim jarayoni, deyish mumkin. Maktabdan yiliga ikki marta – qishda va yozda ta’til beriladi. Yozgi ta’til bir oydan ko‘proq cho‘ziladi: iyul oyi o‘rtasidan avgust oyi oxirigacha. Qishki ta’til esa yanvar oyi o‘rtasidan fevral oyi o‘rtasiga qadar davom etadi. Aslida, bu vaqtni ta’til, deb atash ham qiyin, chunki bolalarga juda ko‘p uy vazifasi beriladi. Ba’zi ota-onalar ma’lum bir fanni yaxshi o‘zlashtirishi uchun farzandini mashhur va maxsus kurslarga yuboradi.
Bilim olish uchun bola 15 yil vaqt sarflaydi. Shundan so‘ng maktab o‘quvchisi hayotdagi eng muhim imtihon – universitetga tayyorlanadi. Kundalik jismoniy tarbiya mashg‘ulotida bola muntazam ravishda stressni bartaraf etishga da’vat etiladi. Afsuski, bunday "terapiya" doim, hammagayam yordam beravermaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, har bir mamlakatning o‘rta ta’lim tizimi o‘ziga xos, muayyan davlatning madaniy an’analariga, aholisi mentalitetiga asoslanadi. Baribir, aksariyat davlatlarda bolalarning ta’lim olishi davomida vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishiga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Zero, yosh avlodni har jihatdan to‘g‘ri tarbiyalash va kamolga yetkazish kelajak uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Go‘zal Sattorova, O‘zA