Sayyor uchrashuv: muammolar yechim topmoqda
Toshkent viloyati sudi sudyalari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy muammolarini tizimli hal etishga qaratilgan “Mening mahallam – mening sudyam” g‘oyasi asosida sayyor uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Toshkent viloyati Chirchiq shahri “Kabutar” MFYda bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratildi.
Yurtimizda sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar zamirida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, odil sudlovni samarali ta’minlashdek ezgu maqsad yotibdi.

Sudyalar “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, ayollarga nisbatan bo‘layotgan tazyiq va zo‘ravonlik, viloyat hududida sodir etilayotgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, ularni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasi, hududni korrupsiyadan holi hududga aylantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Uchrashuvda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarini bildirdi. Huquqiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalarga tushuntirishlar berildi.
Nikoh, aliment undirish, meros, qarz undirish, kredit qarzdorligi va farzandlikka olish, yuridik faktlar bilan bog‘liq ishlar yuzasidan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.
Mamlakatimiz sud korpusining aholi bilan yanada yaqin bo‘layotgani, nafaqat ularni qiynayotgan muammolarning yechilishiga, balki fuqarolarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Shoira Ermetova,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudining sudyasi.
O‘zA