Sayyor qabullar aholi manfaatlariga xizmat qiladi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida sud-huquq masalasiga bagʻishlangan navbatdagi sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida oʻtkazilgan qabulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudyalari tomonidan Beruniy, Toʻrtkoʻl, Amudaryo va Ellikqalʼa tumanida yashovchi aholining tadbirkorlik huquqlari, shartnomaviy-huquqiy munosabatlar va boshqa sohalar boʻyicha 30 dan ortiq muammolari tinglandi. Jumladan, Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi Rustam Shukurlayev avtomashinasini garovdan chiqarish masalasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi raisiga murojaat qildi. Fuqaroga mazkur masalada dastlab notariusga murojaat qilish, agar javobidan norozi boʻlsa, maʼmuriy sudga ariza bilan murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Toʻrtkoʻl tumani Toshkent mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Tamara Nizamova fuqarolik ishlari boʻyicha Beruniy tumanlararo sudiga pul undirish boʻyicha daʼvo ariza berganligi, lekin davlat bojini toʻlash imkoniyati yoʻqligini aytib murojaat qildi. Unga davlat bojini maʼlum muddat kechiktirish masalasida ariza bilan sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Sayyor qabul jarayonida kelib tushgan murojaatlarga tegishliligi boʻyicha qonuniy yoʻl-yoʻriq koʻrsatilib, huquqiy maslahatlar berildi. Muddat talab etadigan murojaatlarni oʻrganish ishlariga masʼullar biriktirildi.
Dovud Abibullayev, OʻzA