Sayyor qabulda muhtojlarga ko‘mak berildi
Navro‘zobod mahallasida yashovchi Surayyo Ro‘ziboyeva bir necha yildan beri talaba bo‘lishni orzu qilardi. Bu yil uning orzusi ushaldi.
– Men Guliston davlat universitetiga shartnoma asosida talabalikka tavsiya etildim, lekin shartnoma summasini to‘lashga imkoniyatim bo‘lmagani sababli sayyor qabulda qatnashyapman, – deydi u. – Mahallamizdagi maktabgacha ta’lim maskanida tarbiyachi bo‘lib ishlayman. Sektor rahbari menga yordam beradigan bo‘ldi.
Yangiyer shahrida Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Ulug‘bek Hotamov o‘tkazgan sayyor qabulda 50 nafarga yaqin fuqaroning moddiy yordam, bandlik, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, subsidiya, kredit olish kabi masalalarga oid murojaatlari tinglandi. Ayrim murojaatlarga huquqiy tushuntirishlar berilib, muddat talab qiladiganlari esa nazoratga olindi. Talaba bo‘lgan 4 nafar yoshga o‘qishi uchun shartnoma puli to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Aholi muammolarining ijobiy yechim topishida sektor rahbarlari boshchiligida tashkil etilayotgan bunday sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Voyaga yetmagan farzandlarim bor, ularga ust-bosh olishda yordam so‘radim, – deydi nogiron Oqila Begaliyeva. –Bugungi qabulda ish masalasida ham muammolarimni aytdim. Menga yordam beradigan bo‘lishdi.

Qabul davomida murojaatlarga joyida ijobiy yechim topishga harakat qilinib, hal etilishi muddat talab etiladigan masalalar bo‘yicha mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Sh. Suyarov, O‘zA