Keyingi paytlarda kadastr tizimida soha mutasaddilari tomonidan izchil tarzda o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar fuqaro va tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Shunga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Inamov hamda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i B.Toshxo‘jayev ishtirokida poytaxt aholisining kadastr sohasidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda 20 dan ortiq fuqaroning ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini rasmiylashtirish, mulkka egalik huquqini olish, meros, yerni xususiylashtirish va kadastr bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha savol hamda muammolari tinglanib, tegishli yechim, huquqiy tushunchalar berildi. Aksariyat masalalar joyida hal etildi. O‘rganilishi vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
– Bugungi sayyor qabulga kadastr masalasida keldim, – deydi Mirobod tumanida yashovchi Zaura Bobojonova. – Mutasaddilar meni diqqat bilan tinglab, murojaatim bo‘yicha kerakli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berishdi. Savollarimga olgan javoblardan bildimki, biz fuqarolar uchun bunday sayyor qabullar doimiy kerak ekan.
Cayyor qabulda, shuningdek, yig‘ilganlarga qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar haqida ham batafsil ma’lumot taqdim qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA