Sayyor qabulda fuqarolar murojaatlari tinglandi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi xalq ichiga kirib borib, ularning muammolari va tashvishlarini o‘rganadigan, ularni bartaraf etishga qaratilgan xalqchil loyihaga aylanib bormoqda. Mazkur loyiha doirasida joylarda qator amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, partiyaning Toshkent viloyati kengashi tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Nurafshon shahrida sayyor qabul tashkil etildi. Unda partiyadan Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar, bir qator tashkilotlar va partiya vakillari ishtirok etdi.
Qabul jarayonida aholi tomonidan bandlik, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar, tadbirkorlik, yer va kadastr, yo‘l infratuzilmasi hamda tibbiy xizmat sifatiga oid 60 ga yaqin murojaat ko‘tarildi.
Murojaatlar mas’ul tashkilotlar va deputatlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, ularning 45 ga yaqini shu joyning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan 8 ta murojaat ijrosi deputatlik nazoratiga olinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.

Aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, muammolarni joyida hal etish va inson manfaatlarini ta’minlashda bu kabi sayyor qabullar samarali mexanizmga aylanmoqda. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi uchrashuv va amaliy sa’y-harakatlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi, joylardagi muammolar yechimiga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA