Sayyor qabulda 38 ta fermerning 1,8 mlrd. so‘m qarzi undirib berildi
Amaldagi konstitutsiyamizga muvofiq har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga egaligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Shu sababli, Majburiy ijro byurosi Qorqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishgashga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, murojaatlar qonunda belgilangan muddatlarda hal qilinmoqda.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarning har birida jismoniy va yuridik shaxslarni va ularning vakillarini qabul qilish xonalari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu xonalar zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan.

Shuningdek, fuqarolarimizga qo‘laylik yaratish maqsadida tumanlarning olis hududlarida joylashgan, shuningdek Byuro organlariga kelishga qiynaladigan shaxslarning murojaatlarini masofadan turib, onlayn-tarzda qabul qilish va ko‘rib chiqish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, tuzilgan reja-grafik asosida hududlarda bevosita boshqarma boshlig‘ining ishtirokida sayyor qabullar ham tashkillashtirilmoqda.
Shunday sayyor qabullardan biri joriy yilning 04-avgust kuni Taxtako‘pir tumani Yoshlar markazi binosida tashkillashtirilgan bo‘lib, unda jami undan ortiq murojaatlar qabul qilinib, ularning 8 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, qolganlari alohida nazoratga olinib, qonuniy hal qilish bo‘yicha mutasaddidalarga tegishli topshiriqlar berildi.

Masalan, sayyor qabul davomida, tumanda faoliyat yuritayotgan 38 ta fermer xo‘jaliklari rahbarlari, o‘zlari tomonidan yetishtirilgan paxta xamashyolari uchun “AGROWORLD AGRIKULTURAL CLUSTER” MCHJdan olishi lozim bo‘lgan jami 1,8 mlrd. so‘m pullarni undirib berishni so‘rab murojaat qilgan.
Ushbu murojaat alohida nazoratga olinib, qarzdorliklarni undirishning barcha qonuniy choralarini ko‘rish haqida Byuroning Taxtako‘pir tuman bo‘limi xodimlariga topshiriq berilgan.
Bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida, fermer xo‘jaliklari foydasiga undirilishi lozim bo‘lgan 1,8 mlrd. so‘mdan ortiq qarzdorlik shu kunning o‘zida to‘lig‘i bilan undirilishi ta’minlanib, xo‘jaliklarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Bunday tadbirlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad fuqarolarga qulaylik yaratgan holda ularning Majburiy ijro byurosi organlariga taalluqli masalalarini joyida hal qilishdan iborat.
Hozirda Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining sayyor qabullari respublika bo‘yicha davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA