Sayyor qabul: murojaatlar nazoratga olindi
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Tog‘ayev Uzun tumanidagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi binosida ochiq muloqot o‘tkazdi.
Sayyor qabulda jismoniy va yuridik shaxslarni qiynayotgan muammolar tinglanib, ular o‘rtaga tashlagan masalalarga yechim izlandi. Qabul chog‘ida muruvvat internat uylari (keksalar va yolg‘iz keksalar uchun internat uylari bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar)ga joylashtirish, ijtimoiy ta’minot xodimlari faoliyati, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarni parvarishlash nafaqasi, I-guruh va 16 yoshgacha nogironligi bor shaxslar parvarishiga muhtojlarga qarab turganligi yuzasidan xulosa olish, reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash, tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilash kabi muammolar yuzasidan murojaatlar tinglandi.


Tumandagi Xatip Qahramon mahallasida yashaydigan Oydinoy G‘aniyeva mustaqil yura olmayotganiga bir necha yil bo‘lib qoldi. Onaxonning kelinlari sayyor qabulga kelib aravacha olib berish uchun imkoniyatlari yetmayotganini ma’lum qildi. Shu kuni boshqarma boshlig‘i Muhiddin Tog‘ayev Oydinoy G‘aniyevaning uyiga borib, hol-ahvol so‘radi. Yangi aravachani topshirdi. Yangi kuch mahallasida yashovchi nogironligi bor Lolaxon Otaxonovaning aravacha so‘rab qilgan murojaati ham joyida hal etildi. Sayyor qabulda turmush o‘rtog‘ining qo‘ltiqtayoqqa muhtoj bo‘lib qolganini aytgan ayol murojaati joyida o‘rganilib, nogironligi bor Saidahmad Tursunov uchun qo‘ltiq tayoq topshirildi.


Bugun mamlakatimizda “xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyil asosida barcha turdagi murojaatlar e’tibor bilan tinglanib, o‘rtaga tashlanayotgan muammolar hal etilmoqda. Fuqarolarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun mablag‘ masalasida ham mahalliy hokimliklarda imkoniyat bor. Moddiy yordam ko‘rsatish yoki nogironligi bor shaxslarni aravacha, qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlashda faqat homiylarga suyanib qolinmayapti. Mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan kengash deputatlari fikri inobatga olinib, hudud va aholi manfaati uchun foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda aholi salomatligi, ijtimoiy himoyasi uchun ajratilayotgan mablag‘ miqdori yil sayin ortib bormoqda. Shu bois endilikda mahalliy hokimlar va boshqa mutasaddi rahbarlar, deputatlar xalqning oldiga chiqib, dardini eshitishdan cho‘chimaydi, qochmaydi.
Viloyatning eng olis va chekka tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda 50 ga yaqin fuqaro murojaat etdi. Ularning aksariyati joyida hal qilindi. Yechimi vaqt talab etadigan murojaatlar yuzasidan muddat belgilanib, ijrosi qatiy nazoratga olindi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri