Sayyor qabul: murojaatlar nazorat olindi
Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Piskent tumanida ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda aholi tomonidan bildirilgan sog‘liqni saqlash, moddiy-ko‘mak, uy-joy va ijtimoiy muammolar, kommunal, bandlik, tadbirkorlik va kredit olishga doir katta-kichik masalalar ko‘rib chiqildi. E’tiborlisi, muloqotda tibbiy xizmat, kredit ta’minoti, tadbirkorlik tashabbuslariga doir bir qancha masalalar joyida o‘z yechimini topdi.

Prezidentimiz raisligida 28 mart kuni sog‘liqni saqlash sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallabay tizimida ishlab, sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, odamlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish asosiy vazifa qilib qo‘yilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mutaxassislari tomonidan hududda malakali shifokorlarni ko‘paytirish, ularga zarur sharoit yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Tibbiyot muassasalarida to‘g‘ri ovqatlanish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun autsorsing tizimini joriy qilish borasidagi vazifalar belgilandi. Bu borada keng jamoatchilik fikri o‘rganildi. Xususan, "Oqtom" mahallasida yashovchi S.Ibragimovaning davlat xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil etish yuzasidan ko‘targan masalasi viloyat mas’ullari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Uni amalga oshirish yo‘llari atroflicha muhokama qilinib, aniq bir yechimga kelindi. Shuningdek, "Ko‘lota" mahallasi hududidagi QVP binosini ta’mirlashda amaliy yordam berish yuzasidan R.Mullayorovaning murojaati bo‘yicha ham mas’ullar belgilandi, moliyaviy manbalar, ta’mirni yakunlash muddatlari aniqlab olindi.

– 2014 yilda Olmaliq tibbiyot kollejini tamomlaganman, – deydi piskentlik murojaatchi Kamola Ahrorova. – Ko‘p yillardan buyon ishga joylashish masalasidagi murojaatim e’tiborsiz qolayotgan edi. bugungi uchrashuvda masalam ijobiy hal etildi. May oyidan men ham ishga chiqadigan bo‘ldim.

– Yolg‘iz ayolman va 3 nafar farzandim bor – deydi sayyor qabulga kelgan T.Tursunqulova. – Qizimning eshitishida nuqsoni bor. Oilaviy sharoitim og‘ir. Murojaatimga ko‘ra, menga viloyat hokimining ko‘rsatmasiga asosan 7 million so‘m moddiy yordam, qizim uchun maxsus eshitish moslamasi olib beriladigan bo‘ldi. Baraka topsin.

Sayyor qabulda ayrim fuqarolarga huquqiy jihatdan tushuntirishlar ham berildi. Ayniqsa, qabul boshlangan dastlabki ikki soat ichida o‘ttizdan ortiq fuqaroning murojaatini viloyat hokimi shaxsan tinglab, joyida o‘z munosabatini bildirdi. Oxirgi paytlarda qabulga kelayotganlar orasida shunchaki minnatdorlik bildirib qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolar ham ko‘paymoqda.

Jumladan, "Birlik" mahallasida yashovchi fuqaro O‘.Eshonqulov mahallasida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari uchun viloyat rahbari va mutasaddilarga barchaning nomidan minnatdorlik bildirdi.
A.Musayev, O‘zA.