Sayyor qabul: jazolar yengiliga almashtirildi
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud sudyalari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, viloyat hokimligi, adliya va bojxona boshqarmalari, tijorat banklari tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabulda jami 718 ta murojaat tinglandi. Ularning 316 tasi joyida ijobiy hal etildi, 360 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi, qolganlariga huquqiy maslahat berildi.
– “Xalq banki” tuman filialiga kredit so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi Mirzacho‘l tumani “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nilufar Aminova. – Bank murojaatimiz ijrosini paysalga solib kelganligi sabab sayyor qabulga keldim Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy biznesimizni yo‘lga qo‘yib, xo‘jalik sovuni ishlab chiqaruvchi apparat uchun Qo‘qon shahriga buyurtma bergan edik. Soatiga 400 dona xo‘jalik sovuni ishlab chiqaruvchi ushbu apparat uchun so‘ragan 30 million so‘m kreditni ijobiy hal qilib berishdi. Endi ishni boshlash qoldi. Mahsulotni buyurtma bergan tashkilotlarga shartnoma asosida va ichki bozorda sotishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz.
– Qaynonam insult bo‘lib 2 yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan, – deydi Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi Nasiba Sharipova. – Shu sababdan nogironlik aravachasi so‘rab murojaat qilgan edik. bugungi sayyor qabulda bu masala hal etilib, aravacha topshirildi.
[gallery-6572]
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, Oliy sud raisining o‘rinbosari X.To‘raxo‘jayev tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha 74 ta, ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha 12 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha 43 ta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha 5 ta, ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy ishlar bo‘yicha 11 ta murojaat tinglandi. Shuningdek, 16 nafar sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ko‘rib chiqildi. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Jizzax shahar sudining 2021 yil 21 aprel kungi hukmi bilan sudlangan Erkin Baratov 1 yil 7 oy 23 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan avval shartli ozod qilindi. 10 nafar fuqaroning jazosi esa Jinoyat kodeksining 74-moddasi tartibida yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Sayyor qabulda fuqarolik ishlari bo‘yicha 9 ta aliment hamda 3 ta ish haqi undirish bo‘yicha sud buyrug‘i chiqarilib, ushbu murojaatlar ijobiy hal etildi.
– O‘zim mehnat qilayotgan “Do‘stlik paxta zavodi” MCHJda 4 oydan buyon ish haqimni ololmay kelayotgandim, – deydi M.Tojiboyev. – Do‘stlik tumanlararo fuqarolik sudiga murojaat qildim. Sud ishini Do‘stlik tuman majburiy ijro byurosiga chiqardi. Byuro 21 million so‘mlik 4 oylik ish haqimni chiqartirib, plastik kartochkaga tushirib berdi. Murojaatlarning 55 tasi joyida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, 44 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 66 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA