Sayxunobodlik pillakorlar birinchi
Sirdaryo viloyatida birinchilardan boʻlib Sayxunobod tumani pillakorlari “kumush tola” xomashyosini terishni boshladi.
Pilla – 2020
Sirdaryo viloyatida birinchilardan boʻlib Sayxunobod tumani pillakorlari “kumush tola” xomashyosini terishni boshladi.
Yilning birinchi hosilini yetishtirishda koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin qoidalariga tumanda toʻlaligicha amal qilingan holda moʻl pilla hosili yetishtirish uchun barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
– Tumanimizda 134 gektar tut plantatsiyasi mavjud boʻlib, bu ehtiyojimizni qondira olmaydi, – deydi “Sayxunagropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Bekmurod Nekmuratov. – Shu sababdan tuman hokimligi bizga yana qoʻshimcha yer maydoni ajratib berdi va joriy yilning erta bahorida 250 ming tup tut koʻchatlari ekib, toʻliq undirib oldik.
Joriy qishloq xoʻjaligi mavsumida tuman boʻyicha 1 ming 97 nafar pillakorlarga 1 ming 582 quti ipak qurti tarqatilgan edi. Ushbu pillakorlarga, olgan har quti ipak qurti uchun 50 kilodan un va 5 litrdan pista moyi tarqatildi. Bundan tashqari, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har quti olingan pilla qurti uchun 700 ming soʻmdan naqd pul tarqatildi.
Tumandagi ilgʻor pillakorlar hosil yigʻishni allaqachon boshlab yubordi. Jumladan, tumandagi “Sanjar Rahimov” fermer xoʻjaligiga berilgan bir quti ipak qurti parvarishini obi-tobida va shubhasiz, karantin talab va qoidalariga toʻla amal qilgan holda faol mehnat qilgan, tumanning eng ilgʻor pillakorlaridan Zumrad Egamova yilning ilk hosili – pilla xomashyosini terib olishga kirishdi.
– Ipak qurtlarining dastlabki qoʻygan “kumush tola”larini terib olib, punktga nafaqat tumanda, hatto viloyatda birinchi boʻlib topshirdim, – deydi ilgʻor pillakor Zumrad Egamova. – Topshirgan hosilimning har kilosiga 20 ming 400 soʻmdan tarozining boshida naqd sanab oldim. Ishqilib Xudoyimni oʻzi barakasini bersin. Dastlabki topshirgan hosilim 50 kilodan oshdi. Yana 20-25 kilolarni chamalab turibman.
Sayxunobodlik pillakorlar joriy mavsumda tumani boʻyicha 87 tonna qimmatbaho xomashyo yetishtirish maqsadida astoydil mehnat qilmoqda. Tuman pilla xirmoniga yilning ilk hosilining dastlabki namunalari kela boshladi. Umid qilamizki, tuman “kumush tola” ijodkorlari oʻz oldilariga qoʻygan rejalarini ortigʻi bilan uddalashga har tomonlama qodir.
Xirmoningizga baraka, qadri va qaddi baland sayxunobodlik pillakorlar.