Sayxunobodda g‘o‘za orasida zira yetishtirish yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyati qishloq xo‘jaligida yangi tajriba — “interkrop” usuli bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Sayxunobod tumanidagi “Dax Politex” fermer xo‘jaligida “Shinjon” tajribasi asosida paxta yetishtirilayotgan 50 gektar maydoda ilk bor hamkor ekin sifatida Hindistonning "GUMIN SEED NICM-5501" navli zira urug‘i ekib ko‘rildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, zira qisqa vegetatsiya davriga ega bo‘lib, g‘o‘za bilan bir vaqtda ekiladi va iyun-iyul oylarida hosil beradi. Bu esa fermerlarga bir maydondan ikki xil mahsulot olish imkonini yaratadi. Eng muhimi, zira mahsulotiga ichki bozorda talab yuqori bo‘lib, ushbu omil uni ekish qarorini qabul qilishda muhim mezonlardan biri bo‘ldi.

– Bu biz uchun mutlaqo yangi yo‘nalish. Mutaxassislar tavsiyasi asosida chigit bilan bir vaqtda zirani plyonka ostiga ekib ko‘rdik. Hozir nihollar una boshladi. Agar natija kutilganidek bo‘lsa, kelgusi yillarda bu tajribani kengaytirish niyatidamiz, – deydi “Dax Politex” fermer xo‘jaligi rahbari Aziz Murotjonov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur usul, ayniqsa, Xitoyning Shinjon hududida keng qo‘llanilib, yuqori iqtisodiy samara bergan. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, g‘o‘za va zirani qo‘shib ekish umumiy daromadni 16-59 foizgacha oshirishi, suvdan foydalanish samaradorligini esa 7-12 foizgacha ko‘paytirishi mumkin.

– Zira o‘simligi Sirdaryo sharoiti uchun juda mos. U tuproq sho‘rlanishini kamaytiradi, mikroiqlimni yaxshilaydi, begona o‘tlar hamda zararkunandalarni cheklashga yordam beradi. Bu tajriba Shinjonda o‘z samarasini bergan. Shuningdek, yurtimizning Zomin va Hisor tog‘ tizmalarida zira yovvoyi holda ham uchraydi. Hozir ushbu usul nafaqat Sirdaryoda, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida ham sinov tariqasida joriy etilmoqda, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Fayzullayev.

Zira nafaqat iqtisodiy, balki tibbiy jihatdan ham qimmatli mahsulot sanaladi. U hazmni yaxshilaydi, temir moddasiga boy, immunitetni mustahkamlaydi va antibakterial xususiyatga ega. Shu bois jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan ziravorlardan biri hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil hosili uchun Sayxunobod tumanidagi 81 ta fermer xo‘jaligida jami 6000 gektar maydonga “Shinjon” usulida chigit ekilgan. Ayni paytda barcha maydonlarda chigit unib chiqqan bo‘lib, agrotexnik tadbirlar belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, agar ushbu tajriba o‘zini oqlasa, kelgusi yillarda zira ekish hajmini kengaytirish, hududda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa Sirdaryoni nafaqat paxta, balki zira yetishtirish bo‘yicha ham yetakchi hududlardan biriga aylantirishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri