“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadigan tog‘li Boysun tumani nafaqat boy nomoddiy va madaniy meros makoni balki, ziyorat, eko, etno, tibbiyot, agro sayyohlik maskani sifatida ham shuhrat qozongan.
Xushmanzara tabiat qo‘ynida qo‘nim topgan qadimiy hudud noyob yodgorliklari, ma’danli, zilol buloq suvi, shifobaxsh giyohlari, kamalak rangidek tovlanadigan ekologik toza mevalari bilan har qanday kishini maftun etadi.

Surxondaryo viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi milliy qadriyat va ana’analar keng tarannum etiladigan festival ishqibozlariga tumandagi eng mashhur o‘nga yaqin sayyohlik obektini namoyish etishni mo‘ljallamoqda. Maftunkor Sayrob qishlog‘i ham qariyb ming yillik chinorlari va shifobaxsh buloq suvi, Uzundara shahristoni, go‘zal tabiat manzaralari, shu yerlik aholiga xos milliy urf-odatlari, sertakalluf, mehmonnavoz odamlari bilan sayyohlar ko‘nglidan joy olgan siri-sinoatga to‘la go‘sha.

So‘lim qishloq turli tarixiy voqealarga guvoh bo‘lgan azim chinorlari bilan el og‘ziga tushgan. Balandligi 26 metrga yetgan bu daraxtlarning diametri 21 metr, tanasining balandligi bo‘yicha o‘lchami 9,7 metrni tashkil etadi. Kovagining balandligi yetti metrga teng. To‘g‘ri uchburchak shaklidagi kovak og‘zi mehrobli eshikni eslatadi.

Tarixning turli talato‘plarini boshdan o‘tkazgan chinor kovagi o‘tgan asr boshlarida eski maktab sifatida xizmat qilib, shu yerliklarning savodini chiqargan. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng qishloq kengashi idorasiga aylantirilgan. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida birinchi otliq askarlar polkining lager kutubxonasi, savdo do‘koni sifatida faoliyat yuritgan. Ayni paytda noyob tarixiy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan chinorlar kovaklari mo‘’jazgina muzeyga aylantirilgan. Undagi turli davrlarga oid rang-barang asori-atiqalar mahalliy va xorijlik turistlar qalbidan chuqur joy olmoqda.

Shuningdek, qishloq hududida Xo‘jai bibisabz, Xo‘jai chilla, Xo‘jai Muhammadshoh kabi muqaddas ziyoratgohlar bor. Yana bir gap: keyingi yillarda Sayrob chinorlari yonidagi baliqlar suzib yuradigan zilol buloq suvi qandli diabetga davoligi bilan shuhrat qozonayotir. Qishloq odamlarining aytishicha, shifobaxsh bu suvni izlab keluvchilar safi yil sayin ko‘payib bormoqda.

Yo‘lingiz tushib, maboda “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga kelsangiz, albatta, Sayrobda to‘xtab, zilol buloq suvidan bahramand bo‘ling. Osmono‘par tog‘larga tutash azim chinorlarni tomosha qilib, soyasida bir zum oram oling. Ana shunda bu chinorlar olis o‘tmishdan so‘ylaydigan boy tariximizning bir parchasi ekanidan faxr hissini tuyasiz.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri