Sayoz targ‘ibotlar, zerikarli ma’ruzalar, shablon gapli intervyular – hammasi «5»... Biz nima qilyapmiz o‘zi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida barchamiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan masala — ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Shavkat ORTIQOV yigʻilishda koʻtarilgan masalalar va mavzu doirasida oʻz fikrlarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari har bir chiqishida, joylardagi uchrashuvlarda doimo ilmga, ma’rifatga, ta’lim-tarbiyaga alohida to‘xtalib o‘tadi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, loqaydlik va beparvolik eng katta xavfdir. Salgina g‘oyaviy bo‘shliq paydo bo‘ldimi, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik degan baloi ofatlar ham aynan bilimsizlik, mafkuraviy immunitet yetishmasligi tufayli avj oladi, jamiyat rivojiga katta raxna soladi.
Gohida ayrimlar «Bizga ma’naviyat kerakmi o‘zi?», degan nojoiz, aytish mumkinki, tor tasavvurdan tug‘ilgan savolni ham o‘rtaga tashlaydi. Men aslida bunday savollarning berilishi zamirida ham omma fikrini chalg‘itishga bo‘lgan urinish yotadi, deb o‘ylayman. Vaholanki, aqli raso har qanday odam biladiki, ma’naviyatsiz inson jonsiz tana kabidir. Unda madaniyat, tarbiya, fikr bo‘lmaydi — turgan-bitgani "zombi". Kim qayerga boshlasa ketaveradi. Shu bois ham inson tabiati, ruhiyati juda muhim.
Endi bir jihatni ham ochiq tan olish kerak, bizda odamlar ma’naviyat masalasiga u qadar jiddiy qaramasligiga targ‘ibotdagi yondashuvimizning sayozligi, aniq bir tizimning yo‘qligi ham sababdir. Shunday bo‘lib qoldiki, ma’naviy targ‘ibot desa, besh-o‘nta san’atkorni viloyatga yuborib, tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni chiroyli bezatib qo‘yib, soatlab zerikarli ma’ruzalar o‘qishni an’anaga aylantirdik. Yoshlar ham aksariyat hollarda bunday tadbirlarga qiziqishdan emas, azbaroyi ustozining qistovi yoki shunchaki taniqli insonni ko‘rish istagi bilan keladi. Shablon gaplardan iborat intervyular beriladi, balandparvoz gaplar yangraydi, hammasi — «5». Ta’sirchanlik nuqtai nazaridan qaraganingizda esa, baho qo‘yish qiyin. Biz bu bilan qanday qilib bugungi ma’naviy tahdidlarga qarshi munosib immunitetni shakllantira olamiz? Qanday qilib yoshlarimizni yot g‘oyalardan asraymiz? To‘g‘ri, targ‘ibot tadbirlari ham, albatta, kerak. Lekin shaklan eskirgan, ta’sir kuchi kam bo‘lgan bunday usullarni hozirgi davr talabidan kelib chiqib butunlay qayta ko‘rib chiqish zarur. O‘g‘il-qizlarimiz bu tadbirlardan biror narsa olaman deb intilib kelsin, qiziqsin.
Milliy g‘oyani targ‘ib qilishda faqat tadbirlar emas, balki tarixni, qadriyatlarni o‘rgatish, adabiyot, kitobxonlikka mehrni kuchaytirish, shuningdek, kino, teatr san’ati imkoniyatlaridan unumli foydalanish ham juda muhim. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi kun tartibiga qo‘yilgani dolzarb ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, aksariyat rivojlangan davlatlarda mafkura siyosatini shakllantirish bo‘yicha o‘nlab ilmiy-tadqiqot institutlari, kuchli ekspertlar ish olib boradi. Ular uzoq yillik strategiyalarni belgilaydi va hukumat ham shunga tayanadi. Har bir jihatga shu darajada e’tibor qaratiladiki, ahamiyat bergan bo‘lsangiz, hatto filmlari, multfilmlarida ham davlat g‘oyasi mohirona aks ettiriladi. Chunki hammasi puxta o‘ylanadi. Qaysi usulni qo‘llasak, ta’siri kuchli bo‘ladi, deya yondashuv belgilanadi. Masalan, bayroq bilan bog‘liq, albatta, qandaydir kadr ko‘rsatiladi yoki sahna o‘rin oladi. Qolaversa, o‘zining qadriyatlari targ‘ib qilinadi. Shu bilan g‘oyasini kengroq miqyosda yoyish, boshqalar ongiga singdirish ham ko‘zda tutiladi.
BIZ NIMA QILYAPMIZ?
Telekanallarimiz ekranlarini ana shunday ijod mahsullariga bemalol bo‘shatib beryapmiz. U kanalni qo‘ysangiz ham, bu kanalni qo‘ysangiz ham, xorij seriali, chet el filmi. Kunduzi boshlanib, yarim tungacha davom etadi. Hammaning e’tiborini tortyapti. Prezident ham bejiz bu mavzuga alohida to‘xtalib, badiiy kengashlar faoliyatini tanqid qilmadi. Chunki bunda ham loqaydlik avj olgan. Ayniqsa, xususiy telekanallarda o‘zibo‘larchilik kuchaygan. Ular ko‘proq tomoshabin jalb qilish, reklamalar sonini orttirib, mo‘may daromad topish ilinjida kechki dasturlarini deyarli to‘liq xorij seriallariga ajratgan. Vaholanki, u xususiy bo‘ladimi yoki davlat telekanali, gap ma’naviyat, millat taqdiri haqida borganda, mas’uliyat birdek bo‘lishi kerak.
Agar biz bularga jiddiy ahamiyat bermasak, ertaga natijasi nima bo‘ladi? Filmdan andoza olgan o‘g‘limiz yo qizimiz hayotga yengil-yelpi qaramaydi, yuzimizga tik boqmaydi, gap qaytarmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Hech kim. «Tanishing, sevgilim», deya ko‘ngil qo‘yganini uyga boshlab kelsa, yarim-yalang‘och kiyinsa, tanasini tatuirovka bilan «bezasa», spirtli ichimlikka ruju qo‘ysa, nikoh tushunchalarini unutsa... Bu oxir-oqibat ma’naviy tanazzulga eltmaydimi? Eltadi, albatta. Vaholanki, bizda o‘g‘il hech qachon otaning yuziga tik boqmagan. Hatto ota o‘tirgan uyning tomiga chiqish tarbiyasizlik sanalgan. Ota-ona farzandiga oila qurish mavzusidan so‘z ochsa, yigitning ham, qizning ham uyatdan yuzi qizargan. Qarang, qanday go‘zal qadriyatlarimiz, odatlarimiz bor. Ko‘pchilik ularga havas bilan ham qaraydi.
Shunday, havas bilan qaraydi. Hech esimdan chiqmaydi, bundan bir necha yil oldin xizmat safari bilan Yaponiyaga borganimizda shu mavzuga yaqin bir voqea kuzatilgandi. Metroda ketayotgandik. O‘rindiqlarning deyari barchasi yoshlar bilan band, qo‘llarida telefon, boshlarini ko‘tarishmaydi. Qaysidir bekatda vagonga keksa bir ayol chiqdi. Hech kim e’tibor qilmadi. Odatimizga ko‘ra, men darrov u ayolga joy bo‘shatdim. Lekin kutilmaganda hamma «yalt» etib menga qaradi. Hayron bo‘ldim. Go‘yo g‘alati voqea ro‘y bergandek. Ayol esa mayin tabassum qilib, minnatdorlik belgisi sifatida bosh irg‘ab qo‘ydi. Kechki payt o‘zim vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadon sohiblariga bo‘lgan voqeani gapirib berdim. Ular Yaponiyada ham bir vaqtlar shunday o‘zaro hurmat belgisi bo‘lganini, ammo zamona zayli bilan bu qadriyat unutilganini afsus ila tilga olishdi.
O‘shanda o‘zim bilmagan holda yana bir esdan chiqarilgan an’anani yodlariga solib qo‘yibman. Qisqasi, mezbonlarga palov tayyorladim. U pishgach, yon-atrofdagi qo‘shnilar ham milliy taomimizdan tatib ko‘rishlarini istab, ularga ham olib chiqishlarini iltimos qildim. Shunda uy sohibi, keksa Omori «Sizlarda hozir ham shu an’ana bormi?», deb so‘radi. Albatta, qo‘ni-qo‘shnilar yaxshi taomlarni, shirinliklarni bir-birlariga ilinishlarini, bu hol nafaqat bayramlarda, balki odatiy kunlarda ham kuzatilishini aytdim. Otaxon juda chuqur o‘yga toldi va bosh irg‘ab, «Bizda ham bir vaqtlar shunday edi. Endi esa yo‘q. Hozirgi avlod o‘zgarib ketdi. Ularni telefon, internet o‘zgartirdi. Sizlar unutib yubormanglar, bu juda bebaho qadriyat», dedi. Mana shu suhbat menga boshqacha ta’sir qilgan. Balki yaponiyaliklar ham bugun bog‘chadan, maktabdan tarbiya masalasiga yana qat’iy urg‘u berishayotgani ana shunday kemtiklikni yo‘qotish istagi bilan bog‘liqdir.
Darhaqiqat, qo‘ni-qo‘shnichilik, mehr-oqibat tushunchalari noyob hodisa. Davlat rahbari videoselektorda hozir ayrim qo‘shnilar bir-birini tanimasligi, ahvolidan bexabar ekanini afsus bilan gapirganida haq edi. Odamlar bir-biridan uzoqlashayotgandek, yon-atrofga beparvodek. Ilgari kattalar mahallada bolalarni, yoshlarni tartibga chaqirib turardi. Birov-birovdan gina qilmasdi. Va bunday qadriyat o‘sha hududdagi ma’naviy muhitga ijobiy ta’sir etardi. Endi salgina gapirilsa, darrov bolaning otasi yoki onasi «Nega aralashasiz?» deya arz qilib keladi. Bu jamoatchilik nazorati degan noyob tushunchaga putur yetkazadi. «Menga nima» degan loqayd qarashlarni kuchaytiradi.
Biz bulardan vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz, o‘zligimizni unutmasligimiz, qadriyatlarimizni avaylashimiz, bolalarimizga ham ezgu fazilatlarni o‘rgatishimiz kerak. Aks holda ular telefon orqali kirib kelayotgan, ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi hech gap emas. Taassufki, hatto buning ilk ko‘rinishlari ham ko‘zga tashlanmoqda: ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yoshlar “Like” yig‘ish uchun ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan qiliqlari aks etgan videolar joylashyapti. Misol uchun, yaqinda bir yigitning omma e’tiborini tortaman deb onasining tug‘ilgan kunida uning yuziga tort bilan urib tabriklagani tasvirlangan video tarqaldi. Bu shunchaki dahshatli manzara edi. Axir u onaku... Tabarruk zot. Qanday qilib axir...
Ularni ko‘rib, nahotki shular bizning millat bolalari bo‘lsa, nahotki shular bizning ertamiz egalari bo‘lsa, degan og‘riqli savol yurak-bag‘ringni tilkalaydi. Hatto ayrim lavhalarda kap-katta yigitlarning ulug‘ allomalarimiz haykallari ustiga chiqib, video olganidan vujuding titrab ketadi. Bu ko‘rnamaklik, to‘qlikka sho‘xlik-ku. Ularning ota-onasi qayerda, nega atrofdagilar bunga beparvo, deya jahling chiqadi. Nahotki biz shunchalik beparvo bo‘lib ketdik?!
Yig‘ilishda ham bolalarimizni maktab, ota-ona yoki institut emas, aksariyat holda qo‘lidagi telefon tarbiyalayotgani, mobil telefon endi oddiy aloqa vositasi emas, ko‘pincha yot mafkurani tarqatadigan qurolga aylanayotgani, bu hammamiz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yangrashi zarurligi ta’kidlandi.
Albatta, bunday illatlarga qarshi internetni yoki telefonni cheklash bilan kurashib bo‘lmaydi. Bu yechim emas va davr nuqtai nazaridan ham to‘g‘ri kelmaydi. Biz «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyiliga qat’iy tayanib, bolalarda bilimni, ma’naviy immunitetni kuchaytirishga e’tibor qaratishimiz zarur. Shunda ularning o‘zi oqdan qorani, yaxshidan yomonni ajratadi.
Prezidentimiz davlat tiliga ham alohida e’tibor qaratdi. Hali bu yo‘nalishda ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ta’kidladi. Agar ma’naviyat rivojida biror natijaga erishishni istasak, albatta, ona tilimizning ham hurmatini joyiga qo‘yishimiz, uni ardoqlashimiz shart. Busiz bo‘lmaydi.
Muxtasar aytganda, mazkur videoselektor yig‘ilishi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yangi tizim asosida tashkil etish yo‘lida qo‘yilgan o‘ta muhim qadam bo‘ldi. Endi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda hamma bir yoqadan bosh chiqarishi, hech kim chetda tomoshabin bo‘lib qarab turmasligi kerak. Xususan, biz, maslahatchilar zimmasida ham mas’uliyat yuksak. Shuni teran his etib, sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shsak, jonajon Vatanimiz oldidagi burchimizni oqlagan bo‘lamiz.
O'zA