Sayohatu ziyoratning ham o‘z odobi bor
Mulohaza
Iliq bahor nafasi inson qalbida ezgu orzu-havaslar urug‘larini nishlantiradi. Bahoriy kayfiyat va mo‘’tadil iqlim kishini keng dala va adirlar bag‘riga, sayru sayohatga chorlaydi, ziyorat maskanlari sari undaydi. Shuning uchun ham bahor sayohat va ziyorat uchun eng go‘zal, maqbul fursat sanaladi.
Yurtimizda ushbu mavsumda barcha ziyoratgohlar, ko‘ngilochar maskanlar, turistik manzillar mahalliy va xorijiy ziyoratchilar va sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Qay manzilga bormang, albatta, guruh-guruh bo‘lib yurgan sayohatchiyu ziyoratchilarga duch kelasiz — kimlardir oilaviy, kimlardir kasbdoshlar jamoasi, yana kimlardir do‘stlar, dugonalar bilan birga jam bo‘lib, go‘zal mavsum havosida hordiq chiqarayotgan yoki ziyorat qilayotgan bo‘ladi.

Sayohat va ziyorat inson ruhiyatini tetiklashtiradi, kuchiga kuch qo‘shadi, ish unumini oshiradi, ko‘ngillarni poklaydi, yangi maqsadlar sari undaydi. Ammo shu bilan birga, sayohatning ham, ziyoratning ham o‘z odoblari, tartib-qoidalari, madaniyati bor. Bu haqda maqola davomida to‘xtalaman.
Biz ham oilaviy hordiq chiqarish uchun go‘zal va betakror Parkent tomon yo‘lga chiqdik. Dastlab Kumushkon qishlog‘idagi Hazrat Ali buva ziyoratgohiga borib, bu maskanni ziyorat qildik. Ziyoratgoh mas’ullaridan uning tarixiga oid ma’lumotlarni tingladik.
Ularning aytishicha, Kumushkon qishlog‘ining yuqori qismida joylashgan bu ziyoratgoh 1982 yilda qishloq aholisi tomonidan hashar yo‘li bilan barpo etilgan. 2010 yilda mahalliy ustalar tomonidan qayta ta’mirlangan. Bugungi kunda ziyoratgohda 3 ta xonaqoh va 1 ta ayvon mavjud. Rivoyatlarga ko‘ra, xalifa Hazrat Ali shu yerda namoz o‘qigan ekan. Uning qamchisidan yoki hassasidan chinor daraxti o‘sib chiqqan. Ushbu chinor hozir ham ziyoratgoh hududida mavjud. Ziyoratgohda 5 ta buloq bo‘lib, ulardan chiqayotgan suv kumushga to‘yingani bois oshqozon-ichak kasalliklariga davo hisoblanar ekan.

Bu maskanni ziyorat qilar ekanmiz, uning tarixidan xabardor bo‘ldik, yon-atrofining go‘zalligidan, tabiati musaffoligidan bahra oldik. Yastanib yotgan adirlar, yarmigacha yashil, tepalari esa qor bilan qoplangan baland tog‘lar, butun qishloqning kaftingizda turgandek ko‘rinishi — hamma-hammasi kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Ammo ziyoratgoh atroflarida, unga chiqish yo‘laklarida turli chiqindilar, plastik idishlar, qog‘oz va boshqa buyumlar tashlab ketilganini ko‘rib, ko‘nglim xira tortdi. Muqaddas joy ekaniga qaramay, tashrif buyuruvchilar o‘zlaridan “iz” qoldirib ketgani xunukdan xunuk holat.
Ziyoratgohlarni toza-ozoda saqlash, ularga zarar yetkazmaslik, kelgusi avlodlarga yetkazish haqidagi pandu nasihatlar ayrimlarga kor qilmasligi ko‘rinib turar edi. Qolaversa, atrof-muhitni asrash, chiqindilarni har joyga uloqtirib ketmaslik kabi ekologik madaniyat hammada ham yetarli emasligining yana bir namoyoni edi.

Ziyoratgohdan so‘ng mashhur So‘qoq qishlog‘i navbatdagi manzilimiz bo‘ldi. Yo‘l-yo‘lakay Parkent soyida ham to‘xtab o‘tdik. Toshdan-toshga urilib oqayotgan soyning go‘zalligi, shovqini kishiga huzur bag‘ishlaydi. Afsuski, bu yerda ham turli chiqindilar tashlab ketilgani, plastik idishlar toshlar orasiga tiqilib qolgani har qanday odamni ranjitadi. So‘qoq qishlog‘idagi soy atrofida ham xuddi shunday holat. Dam olish, hordiq chiqarish ilinjida kelgan sayohatchilarning aksariyati tabiat go‘zalligiga o‘z “hissasini” qo‘shib ketishgani ko‘rinib turipti.
O‘zimiz toza havo, musaffo va tabiiy muhit izlab borgan joyimizni o‘zimiz ifloslantirib qaytishimiz qaysi mezonga to‘g‘ri keladi!? Bu xatti-harakatlarimiz esa javobsiz qolmaydi. Shu vaqtgacha ekologiyamizga, tabiatimizga yetkazgan hadsiz ziyonlarimiz oqibatini bugun ko‘z o‘ngimizda ko‘rib, his qilib turibmiz. Qalblarni poklash, o‘tganlarni xotirlash maqsadida tashrif buyurgan manzilgohlarimizni nopok qilib qaytishning ham javobi bor, albatta.
Shunday ekan, muqaddas, tarixiy maskanlar ziyoratida ham, dalayu dasht, tog‘u bog‘larga qilgan sayru sayohatimizda ham ekologik madaniyatni, poklikni, ozodalikni unutmaslik, o‘sib kelayotgan farzandlarimizda ham ana shunday madaniyatni shakllantirish har birimizning vazifa va burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
Muhtarama Komilova, O‘zA