Esingizda bo‘lsa o‘tgan galgi maqolalarimizda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani tog‘ etagida joylashgan Xo‘jailmkoni qishlog‘ida qad rostlagan qadimiy chinor va Xo‘jagi Imkanagiy ziyoratgohi haqida hikoya qilgan edik. Bu galgi maqolamiz esa ushbu qishloq odamlarining qadimiy usulda korizlar orqali qishloqqa suv olib kelib dehqonchilik va bog‘dorchilik qilish sirlari haqida.
Xo‘sh, aslida koriz o‘zi nima? Ma’lumotlarga ko‘ra, koriz (forscha) — yer osti suvlarini yig‘ish va ularni yer yuzasiga chiqarish uchun quriladigan yer osti inshooti bo‘lib, aholini suv bilan ta’minlash, yerlarni sug‘orishda qo‘llanilgan. Koriz Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tarqalgan. O‘rta Osiyoning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida uchraydi. Masalan, Turkmanistonning Ashxobod shahri yaqinida chuqurligi 100 metr, suv sarfi 150- 225 l/s. O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlarida 200 ga yaqin koriz qazilgan. 20-asrning 20-yillariga qadar O‘rta Osiyoda koriz suvlaridan ekinlarni sug‘orishda foydalanilgan.
Koriz kavlash yer osti suvlari sathida ro‘y beradigan o‘zgarishlar va joy relefidagi nishablikni aniq belgilashni talab etgan. Bu maxsus asboblar (astrolyabiya, vaterpas) vositasida amalga oshirilgan. Koriz trassasi belgilab chiqilgach, shu trassa bo‘ylab har 5 - 40 metrda quduqlar kovlangan. Quduqlarning chuqurligi 14 - 15 metrdan ba’zan 60 - 70 metrgacha borgan. Quduqlar suvli qatlamga tutashadigan lahim (tunnel) orqali bir-biriga birlashtirilgan. Lahimning balandligi 1,5 metr, eni 1 metr bo‘lib, devorlari yog‘och yoki toshlar bilan mustahkamlangan. Uzunligi joy nishabligiga qarab bir necha kilometrgacha cho‘zilgan.
[gallery-8057]
Masalan, Nurota (Navoiy viloyati)dagi “Maston” nomli korizning 280 ta qudug‘i bo‘lib, bosh qudug‘ining chuqurligi 14 metr va lahimning uzunligi 3 kilometr bo‘lgan. Koriz qurilishi davrida bu quduqlar tuproq-shag‘alni chiqarib tashlashga, korizni ishlatish davrida esa kuzatish (nazorat), tiklash, tuzatish va havo almashtirish uchun xizmat qiladi. Xo‘jailmkoni qishlog‘ining sharqiy qismida 13 ta quduqni yer ostidan birlashtirib qazib o‘tkazilgan, qishloq aholisini buloq suvi bilan ta’minlab turadigan korizdan bugungi kunda ham foydalanilmoqda. Qishloq oqsoqollarining ta’kidlashicha, quduqlar qadimiy bo‘lib, Xo‘jailmkoni qishlog‘ining vujudga kelish tarixi bilan bog‘liq.
– Ushbu korizlardan bugungi kungacha foydalanib kelamiz, – deydi Mahmud bobo Qodirov. – Qazilgan davri ota-bobolarimizning aytishiga qaraganda temuriylar davriga borib taqaladi. Har yili hashar yo‘li bilan tozalaymiz. Korizga suv qariyb yarim kilometr uzoqlikdagi chashmadan tortib kelingan. Ahamiyatli tomoni korizdan kelayotgan suv qishin-yozin bir xil haroratda bo‘ladi. Yaxlab ham ketmaydi, qizib ham. Bu suvdan ichimlik suvi sifatida ham foydalansa bo‘ladi.
Ma’lumki, bir qator Sharq mamlakatlari, jumladan, O‘rta Osiyoda qishloq xo‘jaligi rivojida sun’iy sug‘orishning ahamiyati katta bo‘lgan. Sun’iy sug‘orishning eng ommaviy turlaridan biri korizlar yordamida sug‘orish, ya’ni yer osti yoki daryo, buloq suvini yer osti kanallari orqali oqizishdir. Fotomuxbir hamrohligida korizga quyiladigan chashma tomon otlandik. Baland-baland tepaliklar. Har 30-40 metrda bitta quduq bor. Nihoyat quduqlar tugagach beton ariq boshlandi. Chashmadan chiqayotgan suv aholi tomonidan shu yergacha beton ariqlarda olib kelingan. U yog‘i tepalik bo‘lgani uchun yer osti tunnellari (koriz) qazilgan. Nihoyat chashmaning boshlanish nuqtasiga yetib keldik. Ziloldek tiniq buloq suvi mahobatli toshlar orasida jimirlagancha sizib chiqib turibdi. Suv shu qadar tiniqki, ichida suzib yurgan baliqlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chashmaning o‘ng tomoni chuqur jarlik. Aftidan ilgari chashma suvi shu jarlikka oqqan. Keyinchalik mahalliy aholi tomonidan tog‘ yon bag‘ri bo‘ylab ariq orqali chashma suvining yo‘nalishi o‘zgartirilgan va qishloqqa tortib ketilgan. Bu kabi mahorat bilan qazilgan korizlar ota-bobolarimizning miroblikda naqadar tajribali bo‘lganligidan dalolat beradi.
Mamlakatimizda bugungi kunga qadar foydalanishdan to‘xtamagan yagona koriz ham shu bo‘lsa kerak.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA