Prezidentlik saylovlarida nomzod ko‘rsatish, nomzodlarni ro‘yxatga olishdan keyingi yana bir muhim bosqich, bu – saylovoldi tashviqotini amalga oshirish hisoblanadi.
Chunki saylovoldi tashviqot, avvalo, Prezidentlikka nomzodlarning shaxsi, bilimi va salohiyatini saylovchilar oldida to‘la namoyon qilishga, shuningdek, saylovchilarni nomzodlar dasturlarining asosiy yo‘nalishlari, mazmun-mohiyati va kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishtirishga, ayni chog‘da, saylovchilarni nomzod uchun ovoz berishga ishontirishga qaratilgan muhim vosita bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha demokratik davlatlarda, shu jumladan, mamlakatimizda ham saylovlar jarayonida saylovoldi tashviqoti bosqichiga alohida e’tibor beriladi.
Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Saylov kodeksining 45-moddasida tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari belgilab qo‘yilgan. Saylovoldi tashviqotini amalga oshirish turi — nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni nomzodni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish, nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatadi.
Saylovoldi tashviqotining shakllari — omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish kabilarni keltirish mumkin.
Saylovoldi tashviqotining usullariga — ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (shu jumladan, butunjahon Internet axborot tarmog‘i), bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish, o‘tkazishni keltirish mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi har bir nomzod haqida xolis dastur va axborot ahamiyatiga ega bo‘lgan plakatlar, varaqalarni tayyorlanishini hamda tegishli (saylov komissiyalari) binolarda joylashtirilishini ta’minlaydi. Bundan tashqari, boshqa tegishli ko‘rgazmali tashviqot materiallarini ham berishi mumkin.
Yuqorida ko‘rsatilgan tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullaridan qanchalik keng hamda teng imkoniyatlar yaratilib foydalanilsa saylov kampaniyasi to‘liq o‘zini namoyon etadi.
Yangi normativ-huquqiy hujjatga ko‘ra, nomzodlarning avtobiografik ma’lumotlari va ularning saylovoldi dasturlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining axborot materiallari saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanmasligi alohida belgilandi.Shuning uchun ham saylovga bir kun qolganda va saylov kuni ushbu materiallar olib qo‘yilmaydi.
SAYLOVOLDI TASHVIQOTINI OLIB BORISH TARTIBI
Saylov kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingan. Ushbu qonunchilik hujjatlari saylovoldi tashviqotini olib borish tartibini belgilab beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.
Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi. Shunga muvofiq, bizningcha saylovoldi tashviqoti 2021 yil 23 oktyabrga qadar davom etadi.
Prezidentlikka nomzodlar, deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar o‘zlarining kelgusi faoliyat dasturlari bilan saylovchilarni tanishtiradilar va shundan kelib chiqqan holda tegishli ovozlarga ega bo‘ladilar. Bu borada tashviqot olib borish turlari, shakllari va usullari, tashviqotni ommaviy axborot vositalari orqali olib borish, tashviqotni bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib borish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot olib borish bilan bog‘liq masalalardan yaxshi xabardor bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida nomzodlar 15 nafargacha ishonchli vakillar olishlari mumkin. Ishonchli vakillar nomzodlarga ko‘maklashadilar, shuningdek, saylovoldi tashviqotini olib borishda ham faol qatnashadilar.
SAYLOVOLDI TASHVIQOTINI KIMLAR OLIB BOROLMAYDI?
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;
saylov komissiyalari a’zolarining;
diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti davrida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.
TASHVIQOTNI OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI ORQALI OLIB BORISH
Respublikamizda ko‘plab ommaviy axborot vositalari o‘z faoliyatini olib bormoqda. O‘tgan saylovlarda (2019 yil 22 dekabr)O‘zbekiston elektron OAV milliy assotsiatsiyasi va unga a’zo 50dan ortiq teleradiostansiya tomonidan saylov targ‘iboti bo‘yicha jami 5 890 dan ortiq teleradio mahsulot to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan.
Ta’kidlash lozimki, saylovlarning ochiq va oshkora olib borilishini ta’minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik kelishuvlari amalga oshiriladi. Saylov kampaniyasini tegishli akkreditatsiyadan o‘tgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari bevosita yoritib borishi mumkin.
Ma’lumki, davlat ommaviy axborot vositalari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda nomzodlarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyat hamda sharoitlar yaratib beradi.
O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 8 fevraldagi qonuni asosida Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Bu borada Markaziy saylov komissiyasi qarorida quyidagilar belgilab beriladi:
efir vaqti yoki chop etish maydoni bepul taqdim etiladigan davlat ommaviy axborot vositalari ro‘yxati;
saylovoldi tashviqotini olib borish uchun nomzodlarga davlat tele- va radiokanallarida bepul taqdim etiladigan efir vaqti hajmi, shuningdek ular efiriga uzatiladigan vaqt;
saylovoldi tashviqotini olib borish uchun nomzodlarga davlat (respublika va mahalliy) nashrlarida bepul taqdim etiladigan chop etish maydoni hajmi, shuningdek ular bosilib chiqadigan kunlar;
saylovoldi tashviqoti davrida nomzodlarning ommaviy axborot vositalarida chiqish navbati.
Davlat ommaviy axborot vositalarida bepul taqdim etiladigan efir vaqti va chop etish maydoni hajmi hamda vaqti tegishli ommaviy axborot vositalari bilan oldindan kelishib olinadi.
Davlat tele- va radiokanallarida ajratiladigan bepul efir vaqti, qoida tariqasida, eng ko‘p auditoriya qamrab olinadigan vaqtga to‘g‘ri kelishi lozim.
Tarqatiladigan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelishi nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak. Noto‘g‘ri axborotni, nomzodning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish, shuningdek nomzodning roziligisiz uning shaxsiy yoki oilaviy siridan iborat xususiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash yoki tarqatish taqiqlanadi.
TASHVIQOTNI BOSMA, KO‘RGAZMALI VA BOSHQA TASHVIQOT MATERIALLARINI CHIQARISH HAMDA TARQATISH ORQALI OLIB BORISH
Nomzodlarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratib beriladi. Saylovoldi tashviqoti materiallari O‘zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.
Ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tarqatish uchun barcha tumanlar va shaharlar bo‘ylab har bir nomzod uchun tashqi reklama vositalari ajratildi.
Bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa saylovoldi tashviqoti materiallari quyidagi talablarga javob berishi kerak. Jumladan;
saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlagan yuridik shaxs nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va u haqida boshqa ma’lumotlar (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);
saylovoldi tashviqoti materiallariga buyurtma bergan yuridik shaxs nomi (jismoniy shaxs familiyasi, ismi va otasining ismi);
saylovoldi tashviqoti materiallari nusxasining soni, chiqarilgan sanasi haqidagi axborot.
Saylovoldi tashviqoti materiallari xonalarga, binolarga, inshootlarga va boshqa ob’ektlarga osib qo‘yilishi mumkin.
Haykallarga, yodgorliklarga, shuningdek saylov komissiyasi joylashgan binolarga, ovoz berish xonalariga bosma saylovoldi tashviqoti materiallarini joylashtirish taqiqlanadi.
Saylovoldi tashviqotining ahamiyati shundaki, birinchidan, saylov jarayonlarida qatnashayotgan siyosiy partiyalarning siyosiy platformasi va nomzodlar saylovoldi dasturining mazmun-mohiyatini saylovchilarga yetkazishga xizmat qiladi, ikkinchidan, saylovchilarning har bir ovozini o‘ziga jalb qilish uchun nomzodlarning imkoniyatlarini oshiradi, uchinchidan, saylov jarayonlardagi kurashni ochiq va oshkoraligini ta’minlaydi.
Olim Narzullayev,
TDYUU