Saylovda mahalla tizimi xodimlarining vazifalari
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida mahalla tizimi xodimlarining vazifasiga bag‘ishlangan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda Do‘stlik, Mirzacho‘l hamda Arnasoy tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot instituti ilmiy xodimi Furqat Boyjonov hamda viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti mas’ul xodimi Shuhrat Turatovlarning saylovning ahamiyati, unga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, siyosiy jarayonda mahalla tizimi xodimlarining vazifalari mavzusidagi ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladilar.

O‘quv-seminari davomida joriy yilning 24 oktyabrida o‘tkaziladigan siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi saylovi Saylov kodeksi asosida o‘tishi, saylovchilarning haq-huqlari xususida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
Seminar so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV, O‘zA