Saylovda barcha millat vakillari faol ishtirok etmoqda
O‘zbekiston ko‘p millatli diyor. Bu o‘lkada 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuvlikda yashab, mehnat qilib kelyapti. Bugungi bo‘lib o‘tayotgan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barcha millat vakillari faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, mazkur siyosiy jarayonda Navoiy viloyatida rus millatiga mansub 54 ming 323 nafar, qozoq millatiga mansub 24 ming 5 nafar, shuningdek, 4557 nafar tojik, 401 nafar turkman, 447 nafar qirg‘iz va 20 ming 347 nafar boshqa millat vakillari qatnashmoqda.
– Yurtimizda boshqa millat vakillari o‘zbeklar bilan teng sharoitda, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda mehnat qilmoqda, – deydi Sergey Shaxov. – 1966 yildan buyon Navoiy shahrida istiqomat qilaman. Hozirda nafaqadaman. Garchi o‘zim rus millatiga mansub bo‘lsamda, O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan, shu jannatmonand diyorda tug‘ilib voyaga yetganligimdan faxrlanaman. Bugun saylovda ishtirok etib, konstitutsiyaviy burchimni ado etdim.
Viloyatdagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA