Samarqanddagi 1112 ta saylov uchastkalarida ham muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Ayni paytda uchastka saylov komissiyalari saylovchilarga taklifnomalarni tarqatmoqda. Shuningdek, saylovchilar ro‘yxati tasdiqlanib, hamma tanishib chiqishi uchun uchastkalarga joylashtirildi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.
Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.
[gallery-12461]
Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.
Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.
– Saylov uchastkamizda Samarqand shahrining Birlik va Xo‘ja Yusuf mahallalaridagi 1468 nafar saylovchi o‘z huquqidan foydalangan holda saylovda ishtirok etishi belgilangan, - deydi 68-uchastka saylov komissiyasi raisi Guljahon Rahmatova. – Uchastkamiz bo‘yicha 25 nafar yoshlar saylovda ilk bor ovoz beradi. Bugungi kunda saylov qonunchiligiga muvofiq, tayyorgarlik bilan bog‘liq ishlar davom etmoqda. Saylovchilar ro‘yxat bilan tanishib, unga biror bir o‘zgartish va qo‘shimcha bo‘lsa, kiritish bo‘yicha taklif beryapti.
Yurtimiz siyosiy hayotidagi muhim jarayon hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA