Saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda
Farg‘ona viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 57-moddasiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishni boshladi.
Farg‘ona viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 57-moddasiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanishni boshladi.
Mamlakatimizda joriy yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Xususan, Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 51 ta saylov uchastkalarida saylovchilarga ovoz berish uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.
Farg‘ona shahridagi 718-saylov uchastkasida “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchilar kelib muddatidan oldin ovoz berdi.
– 18 dekabr kuni turmush o‘rtog‘im bilan birga umra safariga ketyapmiz, – deydi Mahfuzullo Rahmonov. – Shu tufayli 22 dekabr kuni ovoz berishda ishtirok eta olmaymiz. O‘zimiz istiqomat qilayotgan hududdagi saylov uchastkasiga kelib, komissiya a’zolariga ariza bilan murojaat etdik. Men o‘zim tanlagan nomzod uchun ovoz berdim.
Gulnoza Yo‘ldosheva ham Rossiyaga xizmat safariga ketayotgani uchun o‘zining hududidagi 710-saylov uchastkasiga kelib, milliy qonunchiligimizda belgilangan huquqidan foydalanib, muddatidan oldin ovoz berdi.
– Bizning saylov uchastkamizda 966 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan va ularning orasida saylov kuni turli sabablarga ko‘ra shu yerda bo‘la olmaydigan fuqarolar ham bor, – deydi 710-uchastka saylov komissiyasi raisi Gulbahor Alixo‘jaeva. – Aholi o‘rtasida saylov qonunchiligi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida ularga muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanini tushuntirdik. Uchastkamizda saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Muddatidan oldin ovoz bergan saylovchilarning byulletenlari yelimlangan konvertlarda saylov uchastkasi komissiyasining ikki nafar a’zosi tomonidan imzolanib, muhrlandi va saylovchilar imzosi bilan tasdiqlandi.
Okrug saylov komissiyalari tomonidan muddatidan oldin ovoz berish 2019 yil 12 dekabr kuni boshlanib, 18 dekabr kuni yakunlanishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Saylovchilar va kuzatuvchilarga ushbu kunlarda soat 9.00 dan 18.00 ga qadar uchastka saylov komissiyalariga murojaat qilishi mumkinligi ommaviy axborot vositalari orqali yetkazilgan.