Saylov shaffof, oshkora va adolatli o‘tadi
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan “Saylovlar: g‘alaba strategiyasi va taktikasi” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi tomonidan “Saylovlar: g‘alaba strategiyasi va taktikasi” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Mahalliy partiya tashkilotlari xodimlarining siyosiy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘linmasi mas’ullari, partiya viloyat, tuman va shahar kengashlari raislari, partiya faollari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarning ochiq, oshkora va shaffof o‘tishini ta’minlash, bu borada saylov jarayoniga puxta hozirlik ko‘rish, jumladan, partiya faollarining saylovga oid huquqiy bilimi va savodxonligini oshirish, saylov qonunchiligidagi yangiliklar bilan tanishtirish, samarali saylov dasturini ishlab chiqish, siyosiy partiyalarning saylov kompaniyasidagi ishtirokini ta’minlash masalalari muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar-trening mashg‘ulotlarida “Demokratik jamiyatda saylovlar”, “O‘zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi”, “Mahalliy kengashlarga saylovlarning xususiyatlari”, Deputatlarning huquqiy maqomi”, “Siyosiy partiyaning saylov kompaniyasi strategiyasini ishlab chiqish”, “O‘zbekiston Prezidenti ilgari surayotgan strategik tashabbuslarning mafkuraviy mohiyati”, “Siyosiy partiyalar va partiya qurilishi” mavzuida ma’ruzalar tinglanib, interaktiv shaklida munozara va savol-javoblar o‘tkazildi.
– Seminarda saylov bilan bog‘liq bo‘lgan siyosiy jarayonlar haqidagi bilimimizni yanada oshirdik, – deydi partiya Olmaliq shahar kengashi raisi Akmal Rasulov. – Hozir saylovchilarning dunyoqarashi butunlay o‘zgargan. Ularning oldiga avvalgiday tayyor ma’ruza va tezislar bilan borib bo‘lmaydi. Shunday sharoitda biz qanaqa ishlashimiz, xalq ichiga qanday kirib borishimiz kerak, degan savol bo‘yicha bizlarga aniq yo‘nalish berildi. Qaysi siyosiy texnologiyalardan foydalanish muhimligi, shu orqali faoliyatimiz to‘g‘risida qanaqa ma’lumotlarni olishimiz borasida ham tushunchalarga ega bo‘ldik.