Saylov natijalari qanday boʻldi?
Xalqaro matbuot markazida saylov natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Xalqaro matbuot markazida saylov natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov 2019-yil 22-dekabr kuni Oʻzbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengashlarga saylovlar demokratik talablar asosida boʻlib oʻtganini qayd etdi.
Saylovga ikki yil mobaynida tayyorgarlik koʻrilgani, qonunchilik xalqaro talablar asosida takomillashtirilgani, saylovda ochiqlikni taʼminlash uchun barcha sharoitlar yaratilgani tadbirning yuqori saviyada tashkil etilishida muhim rol oʻynadi.
Eng muhimi, fuqarolarning jamiyatda kechayotgan oʻzgarishlarga daxldorlik tuygʻusi oshgani, faol fuqarolik pozitsiyasi shakllangani butun saylov jarayonlarida yaqqol sezilib turdi.
Saylovchilarga ovoz berish uchun barcha sharoitlar taʼminlandi. Xorijdagi yurtdoshlarimizga maksimal qulayliklar yaratildi. Ilgari konsullik roʻyxatida turganlargina ovoz bergan boʻlsa, bu safar barchaga ovoz berish imkoni berildi. Qirqqa yaqin mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida 112 ming 411 saylovchi ovoz berdi.
Kuni kecha saylovda 71,1 foiz saylovchi ishtirok etganini maʼlum qilgan edik. Ovozlarni sanashdan keyingi aniq hisob-kitoblarga koʻra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlarida 13 million 963 ming 627 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizidir.
Saylov davom etayotgan paytda turli masallarda aholidan murojaatlar tushib turdi. Xususan, MSK veb-saytiga kelib tushgan 300 tadan ortiq murojaatlar qisqa muddatlarda koʻrib chiqildi va hal etildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan murojaatlarning 150 tasi ham ijobiy hal etildi. Ushbu murojaatlar boʻyicha saylovchini boshqa saylov uchastkasidan olib oʻz uchastkasiga biriktirish kabi ishlar amalga oshirildi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 150 saylov okrugining 128 tasida deputatlar saylandi.
Shu jumladan, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 43 nafar, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 35 nafar, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan – 21 nafar, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 18 nafar, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan – 11 nafar deputat saylandi.
Saylov kodeksiga koʻra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining ovozini, yaʼni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi.
Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 22 okruglarda nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi. Mazkur okruglarda takroriy ovoz berish jarayoni tashkil etiladi.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekistonda oʻtgan saylov jarayonlarini xalqaro kuzatuvchilar, jahon jamoatchiligi shaffof tarzda, demokratik talablar asosida oʻtganini eʼtirof etmoqda.