Saylov jarayonlarida NNTlar ham faol ishtirok etadi
Termizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi “Saylov jarayonlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va roli” mavzuiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi.
Tadbirda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Z. Alimardonova, viloyat adliya boshqarmasi adliya bosh maslahatchisi B.Mustafaqulov va boshqalar joriy yilning 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengash deputatlari sayloviga puxta hozirlik ko‘rilayotganini alohida ta’kidladi. Muhim siyosiy kampaniyani o‘tkazish bilan bog‘liq yangilanishlar xususida atroflicha so‘z yuritdi. Saylov qonunchiligimizdagi o‘zgarishlar va bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlarning o‘rni hamda ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi.


Ayni paytda viloyatda 600 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilot faoliyat yuritmoqda. Viloyatda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyasining 10 ming 689 a’zosidan 323 nafari NNTlar xodimlaridir. Shuningdek, viloyat hududiy saylov komissiyasi tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlarning eng faol 4 nafar vakili kiritilgan. Ular ham NNTlarning saylov jarayonlari yuzasidan xabardorligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning saylovlarda faol ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashmoqda.
Davra suhbatida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, saylov qonunchiligi, saylovchilarning huquq va majburiyatlari bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish masalalari, hamkorlikni mustahkamlash, NNTlarning huquqiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali demokratik saylov jarayonlarini rivojlantirish imkoniyatlari ham muhokama etildi. Saylov jarayonlarida NNTlarning yanada faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri