Oʻzbekiston qonunchiligi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillariga qanchalik mos?
Inson huquqlari — har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini koʻrsatuvchi muhim mezon.
Saylov - 2019
Inson huquqlari — har bir davlatning demokratik taraqqiyoti darajasini koʻrsatuvchi muhim mezon. Shuning uchun ham xalqaro va milliy huquqiy tizimda inson huquqlariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Insonning asosiy huquq va erkinliklarining roʻyxati va mazmuni 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan —Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlab qoʻyilgan. Mazkur hujjat odatda dunyoning vijdoni, insoniyat maʼnaviyatining etaloni, deb qaraladi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼiy nazar, har bir insonning ehtiyojlarsiz va oʻz shaxsiy daxlsizligi uchun hadiksiramay yashash huquqi, soʻz va eʼtiqod erkinligi, adolatli va butun dunyoda tinchlikka boʻlgan huquqi mustahkamlab qoʻyilgan.
Inson huquqlari — bu butun insoniyatning intilishlari, orzu-umidlarini oʻziga jamlagan keng qamrovli tushuncha boʻlsa, fuqaroning siyosiy huquqlari uning ajralmas qismidir. Siyosiy huquqlarni taʼminlash esa, eng avvalo, ochiq va oshkora tashkil etiladigan saylovlarda namoyon boʻladi.
Yurtimizda inson huquq va erkinligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan samarali islohotlarga hamohang tarzda milliy saylov tizimi ham mamlakatimizda tarixan shakllangan va soʻngi yillarda yuksak darajaga koʻtarilgan milliy qadriyatlarimizga, boy davlatchilik tajribamizga, xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan saylovga oid demokratik tamoyillarga monand takomillashib bormoqda.
Aslida saylovlar demokratik qadriyat boʻlib, fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirishlari uchun keng siyosiy maydon yaratadi. Shu boisdan ham inson huquqlarini, shu jumladan uning siyosiy huquqlarini himoya qilish va taʼminlash mustaqilligimiz qomusi boʻlmish Konstitutsiyaning asosiy tamoyillaridan biridir.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari vositasi orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson oʻz mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega. Xalq irodasi davlat (hukumat) hokimiyatining asosi boʻlishi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovlarda oʻz aksini topishi lozim”ligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.
Endi, ushbu noyob, umumeʼtirof etilgan insonparvar xalqaro huquq normalari bizning milliy qonunchiligimizda qay darajada aks etganligiga eʼtibor qaratamiz.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.
Uchinchidan, Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar, qonun oldida tengdirlar”.
Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 4-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari umumiydir. Saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼiy nazar, teng saylov huquqiga egadir”.
Beshinchidan, Saylov kodeksining 7-moddasiga muvofiq, “Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi”.
Oltinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etadi, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradi, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.
Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega”.
Yettinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi. Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov Kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi. Masalalarni koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi. Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol boʻlishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻradi”.
Shu kabi xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan, Oʻzbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid boʻlmagan normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini koʻplab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, Oʻzbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka toʻliq implementatsiya qilgan.
Eʼtiborlisi, yurtimizda shu asosda inson huquqlarini taʼminlash hamda himoya qilish borasida oʻziga xos milliy tizim yaratilgan va bu masalada maxsus milliy institutlar tashkil etilgan.
2019-yil 22-dekabrda boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari sayloviga “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida start berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan oʻz faoliyatlarida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga qatʼiy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari oʻz vakolatlari doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalari ishiga yaqindan koʻmak bermoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, boʻlajak saylovlar mamlakatimiz milliy taraqqiyotining hozirgi bosqichida xalqimiz oʻzi tanlagan yuksalish yoʻlidan ildam borayotganligini, birdamligini, islohotlarning orqaga qaytmas tus olganligini, aholining siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortganligini, ertangi kunga boʻlgan ishonchi yanada mustahkamlanib borayotganligini dunyo hamjamiyatiga yana bir bora namoyon etadi.
Xudoyor Mamatov,
Markaziy saylov komissiyasi kotibi.
Yuridik fanlar doktori, professor.